Vazirlar Mahkamasining 29.06.2024-yildagi “Qurol muomalasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 366-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan:
- yuridik va jismoniy shaxslar uchun fuqaroviy va xizmat qurilini hamda uning oʻq-dorilarini olish, realizatsiya qilish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, qoʻrgazmaga qoʻyish, respublika hududiga olib kirish va olib chiqish, respublika hududi orqali tranzit qilishga doir ruxsatnomalar Pasportlari;
- fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini ishlab chiqish, taʼmirlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash Pasporti tasdiqlanmoqda.
Shuningdek, qaror bilan tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlar tomonidan videoyozuvlarni majburiy saqlash muddati 30 kundan 15 kunga qisqarmoqda. Bundan tashqari, endilikda tungi vaqt faoliyat yurituvchi obyektlar roʻyxati mahalliy xokimiyatlarning saytlarida joylashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 02.07.2024-yildan kuchga kirdi.