Bu haqda mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev havo hujumidan mudofaa tizimlari, yuqori aniqlikdagi qurollar hamda harbiy havo kuchlarini samarali qoʻllashni yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, zamonaviy raqamlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega Qurolli Kuchlar Harbiy havo kuchlari jangovar qoʻmondonligi tashkil etiladi. Shuningdek, yuqori aniqlikdagi qurollar bilan jihozlangan aviatsiya texnikalari va yangi boʻlinmalarni shakllantirish orqali harbiy havo kuchlarining jangovar salohiyatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.

Taʼkidlanishicha, mazkur farmon harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa boʻlinmalarining jangovar imkoniyatlarini sezilarli darajada kuchaytirish, muhim va strategik obyektlarni havodan boʻlishi mumkin boʻlgan tahdidlardan himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlat rahbari Oʻzbekiston va Turkiya hukumatlari oʻrtasida harbiy tibbiyot sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bitimni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorni ham imzoladi. Bitim doirasida stomatologiya, farmatsevtika, davolash ishi va boshqa qator tibbiy yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlash, malaka oshirish, tajriba almashish hamda bemorlarni davolash boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Taqdimotda mudofaa ishlari organlari faoliyatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Xususan, 16 yoshga toʻlgan va ID-karta olgan oʻgʻil bolalarni avtomatik tarzda harbiy hisobga qoʻyish, tibbiy komissiyalarni raqamlashtirish va tibbiy koʻriklarni tuman hamda shahar markaziy poliklinikalarida oʻtkazish boʻyicha takliflar maʼqullandi.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar va mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish choralari belgilandi. Jumladan, Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun turar joy ijarasi boʻyicha pul kompensatsiyasi 25 foizga oshirildi. Mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqi esa joriy yil 1-iyuldan 20 foizga, 2027-yil 1-yanvardan yana 50 foizga oshiriladi.

Taqdimot yakunida Oliy Bosh qoʻmondon qoʻshinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish, ilgʻor tajribalarni joriy etish, harbiy taʼlim tizimini isloh qilish hamda harbiy xizmatchilarni kasbiy tayyorlash boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.