Somoniylar davridan boshlab, baʼzi qoʻlyozmalarda satr osti tarjimalari ham yaratilgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari ana shunday tarjimalarni oʻrganmoqda.
Hozirgacha Somoniylar, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davriga oid turkiy tarjimali Qurʼon qoʻlyozmalari aniqlandi. Yaqinda ozarbayjonlik mutaxassislar eski oʻzbek tilida bitilgan yana toʻrtta Qurʼon tarjimasi haqida maʼlumot berdilar.
Ulardan biri Muhammad ibn Shayx Yusuf al-Oboriy tomonidan koʻchirilgan boʻlib, Temuriylar davriga tegishliligi aniqlangan. Bu qoʻlyozma Erondagi Mashhad shahrida joylashgan Ostonai Qudsi Rizaviy markaziy kutubxonasida saqlanmoqda.
XVII asrga oid yana bir Qurʼon qoʻlyozmasi Shayboniylar davriga tegishli deb taxmin qilinmoqda. Bu nodir qoʻlyozma hozirda Iordaniyadagi “Islom bilimlari“ jamgʻarmasi fondida saqlanmoqda.
Eski oʻzbek tilidagi uchinchi qoʻlyozma esa Safaviylar yoki Shayboniylar davriga oid boʻlishi mumkin. Ushbu tarjimada turkiy tilning oʻgʻuz lahjasi unsurlari ham uchraydi.
Toʻrtinchi qoʻlyozma ham xuddi shu shakldagi tarjimani oʻz ichiga olgan boʻlib, Ali Shayx Fazlulloh tomonidan XVI asrda koʻchirilgan. U ham Eronda saqlanmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmatiga koʻra, tadqiqotchilar ushbu qoʻlyozmalarni keng oʻrganish ishlarini davom ettirmoqda.