Boshqarma xodimlari Viloyat bolalar ko'p tarmoqli shifoxonasi gematologiya bo'limida davolanayotgan jajji o'g'il-qizlarga haqiqiy yangi yil sovg'alarini taqdim etish istagida yo'lga otlandilar. Rangli sharlar va o'yinchoqlar bilan bezangan qutqaruv mashinasi yo'lga chiqar ekan qorbobo kiyimidagi xodimlar qalblarida o'zgacha bir hayajon va mehrni his qilishdi.
Qutqaruvchi qorbobolar kasalxonaga kirib kelishganida bolajonlar shodlikdan sakrab, qiyqirib yuborishdi.
– ertalabdan bolajonlarga qutqaruvchi qorbobolar uzoq o'rmondan kelishlarini aytganimizda ular hecham ishonishmadi, – deydi oliy toifali shifokor Mavjuda Qurbonova. – Biroq juda ko'p qorbobolar bir saf bo'lib sovg'a to'la qoplari bilan kasalxonaga kirib kelishganida sevinchdan yig'lab yuborishdi. Ularga qo'shilib biz ham yig'ladik. Sovg'alar olib xursand bo'lishganida biz ham xursand bo'ldik. Ana shunday mehrli, oqibatli va bolajon yurtdoshlarimiz borligidan faxrlanib ketdik.
Yangi yilni ana shunday ibratli tashabbuslar va qutlovlar bilan kutib olayotgan qutqaruvchi qorbobolarni biz ham qo'llab-quvvatlaymiz! ezgu ishlaringiz bilan hamisha qalblarga yorug'lik va umid olib kirishdan aslo charchamang, deymiz!