Bugungi tadbirda sportning futbol, stol tennisi, shaxmat hamda “Workout” turlari boʻyicha mahallada oʻtkazilgan ommaviy sport musobaqalarining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi va murosasiz bellashuvlarda har bir tur boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Mahallada yashovchi yosh kelinlar “Orasta beka" tanlovida palov tayyorlash mahoratlarini namoyish etdilar. Dorbozlarning hayajonli chiqishlari saylga oʻzgacha shukuh baxsh etdi.
Tadbir yakunida boʻlib oʻtgan sport musobaqalari va tanlov gʻoliblarini, shuningdek kitobxonlik va gʻazalxonlik yoʻnalishidagi koʻrik-tanlovlarda faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan koʻplab yoshlarga sovgʻalar va diplomlar topshirildi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida bugun Quva tumanida keng koʻlamli amalga oshirilmoqda.
Har bir mahallada jismoniy tarbiya va ommaviy sportni, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish uchun zaruriy infratuzilma va boshqa shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Tumandagi 65 ta mahallada 90 ta “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) maydonchalari tashkil qilinib, ularda 1500 ziyod yoshlar shugʻullanmoqdalar.