Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Avazbek Oʻrinboyev va Quva tumani hokimi Halimjon Umarov ishtirok etdi.

Tumandagi qariyb 25 yildan buyon foydalanilmay turgan Quva un zavodi korxonasi binosi xususiy tadbirkor tomonidan elektron auksion savdolarida sotib olinib, umumiy loyiha qiymati 15 mlrd. 200 mln. soʻm miqdorida investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi.

Korxonaga xalqaro moliya kredit liniyalarining 650 ming dollar miqdoridagi kredit mablagʻlari hisobiga Turkiyadan un mahsulotlarini qayta ishlovchi zamonaviy dastgohlar olib kelib oʻrnatildi.

Korxona yillik 40 ming tonna donni qayta ishlash quvatiga ega boʻlib, bu 8 mlrd. 800 mln. soʻm daromad yoki byudjetga qoʻshimcha 1 mlrd. 320 mln. soʻm mablagʻ deganidir.

Bundan tashqari, bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasida tumanda ushbu korxona tomonidan “klaster” usulida qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishning ilgʻor usullari joriy etilganligi sababli tumanda faoliyat koʻrsatayotgan fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan boshoqli don mahsulotlarining hosildorligi 10-15 sentner miqdorida oshirilishiga erishildi.

Korxonaning ishga tushirilishi natijasida 150 nafar, klaster tomonidan 50 nafar, jami 200 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri