Quvada 100 ming tonna mevani qayta ishlaydigan agrologistika markazi quriladi

    Yigʻilishda Quva tumani, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Quva aholisi 280 mingga yaqinlashdi. Tumanda tadbirkorlar juda koʻp, imkoniyat ham, sharoit ham yetarli. Tuman hokimligi toʻgʻri yondashuv qilsa, investitsiya, ishlab chiqarish, ish oʻrni va eksportni karrasiga oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

    Masalan, Quvada meva-sabzavotni qayta ishlash quvvati 10 foiz. Mustaqillik mahallasidagi 100 dan ziyod xonadon yaqin joydan 15 gektar yer ajratilsa, meva ulgurji bozorini tashkil qilishga tayyor.

    Rossiyalik investorlar ham 5 gektarda 20 million dollarlik 100 ming tonna mevani qayta ishlaydigan agrologistika markazini qurish, saudiyalik hamkor isitish va sovutish tizimlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha taklif bildirgan.

    Bu loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.