Quvada xorijiy korxonalar soni yana bittaga oshdi

    Biznes 11 May 2022 2463

    Fargʻona viloyatining Quva tumani har yili 30 dan ortiq meva-sabzavotlari yetishtiriladi. Ayniqsa, Quva anorlarining dovrugʻi oʻzga yurtlarga ham tarqagan.

    Yoz va kuz pallasida Quva–Fargʻona–Margʻilon yoʻllari, Quva–Shahrixon–Marhamat yoʻllarida quvaliklarning yaratuvchanlik moʻjizalariga guvoh boʻlasiz. Eʼtiborlisi, yetishtirilgan hosilning ichki ehtiyojdan ortgan qismi koʻp mamlakatlarga eksport qilinadi.

    Bu kabi imkoniyatlar xorijlik tadbirkorlarning eʼtiboridan chetda qolgani yoʻq, albatta. Masalan, kuni kecha Quva tuman Adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi tomonidan “AXB-FRUITS” Ozarbayjon xorijiy korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Korxonaning asosiy faoliyat turi yetishtirilgan meva sabzavotlar va turli mahsulotlarni eksport qilish xizmatlarini amalga oshirishdan iborat. Ustav fondi 600 million soʻm boʻlgan ushbu xorij korxonasi toʻliq ravishda faoliyat boshlagach, 20 dan ortiq mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlanadi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ayni kunlarda Fargʻona viloyatida 300 ga yaqin xorijiy korxonalar ishlab turibdi. Ularning 16 tasi Quva tumanida faoliyat olib boradi. Joriy yil yanvar-aprel oylari davomida Quva tuman adliya boʻlimi davlat xizmatlari markazi tomonidan 148 ta yangi tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, deb xabar beradi Fargʻona viloyati Adliya boshqarmasi matbuot xizmati.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi mutaxassis.