Quvada yana bir xorij korxonasi ish boshladi

    Biznes 23 Fevral 2022 1723

    Fargʻona viloyati Quva tumani 30 xildan ortiq meva-sabzavotlari yetishtirishi bilan mashhur. Ayniqsa, Quva anorlarining dovrugʻini bilmaydigan kam topilsa kerak.

    Yoz va kuz pallasida Quva – Fargʻona – Margʻilon yoʻllari, Quva –Shahrixon – Marhamat yoʻllarida quvaliklarning yaratuvchanlik moʻjizalariga guvoh boʻlasiz. Eʼtiborlisi, yetishtirilgan hosilning ichki ehtiyojdan ortgan qismi Koreya Respublikasi, Rossiya singari mamlakatlarga eksport qilinadi.

    Bu kabi imkoniyatlar xorijlik tadbirkorlarning eʼtiboridan chetda qolgani yoʻq, albatta. Masalan, kuni kecha Quva tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan “Imronbek capital world” Rossiya xorijiy korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Korxonaning asosiy faoliyati yetishtirilgan meva sabzavotlar va turli mahsulotlarni eksport qilishda logistika xizmatlarini amalga oshirishdan iborat. Ustav fondi 500 million soʻm boʻlgan ushbu xorij korxonasi toʻliq ravishda faoliyat boshlagach 20 dan ortiq mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlanadi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ayni kunlarda Fargʻona viloyatida 300 ga yaqin xorijiy korxonalar ishlab turibdi. Ularning 14 tasi Quva tumanida faoliyat olib boradi. Joriy yil yanvar-fevral oylarida Quva tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 63 ta yangi tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.