Quvada yangi DXM markazi xalq ixtiyoriga topshirildi

    Mamlakatimizda 26 Avgust 2021 1210

    Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonalari davomida quvaliklarga butunlay yangidan barpo etilgan zamonaviy koʻrinishga ega davlat xizmatlari markazi foydalanishga topshirildi.

    Ushbu davlat xizmatlari markazi binosi zamon talablari va xalqaro meʼyorlarga mos holda bunyod etilgan. Fuqaroning navbatga turish vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kutish zaliga alohida eʼtibor bilan yondashilgan. Elektron navbat, infokiosk tashkil etilgan. Tashrif buyuruvchi har bir mijoz infolend orqali koʻrsatiladigan barcha xizmatlar haqida toʻliq axborot oladi. Markazda bir kunda 500 nafardan ortiq fuqarolarga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Oʻziga xos dizayndagi zamonaviy jihozlangan zalda 3 ta monitorda 150 dan ortiq davlat xizmatlari yuzasidan maʼlumotlar markazga keluvchi fuqarolar uchun muntazam taqdim etib boriladi.

    Fargʻona viloyat hokimligi, Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Quva tuman hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar birgalikda tantanali ravishda yangi qurib bitkazilgan davlat xizmatlari markazini tuman ahli ixtiyoriga topshirdilar. Tantanali ochilish marosimida rasmiylar bilan birgalikda nuroniylar, mahalla faollari, ibratli yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Quva tumani Fargʻona viloyatida aholi eng zich joylashgan tuman sanaladi. Hudud 1939-yilda tashkil etilgan boʻlib, u yerda 264 ming aholi istiqomat qiladi. Ayni kunlarda tumanda 1 746 ta tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatadi. 2021-yilning 6 oyi davomida esa 278 dan ortiq yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi. Bu holat tumanda joriy yil shu davrida 560 ga yaqin yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatini berdi, deb xabar qiladi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.