Quvasoy shahrida Maʼnaviyat va maʼrifat maskani oʻz faoliyatini boshladi

    Quvasoy shahrida Maʼnaviyat va maʼrifat maskani tashkil etilib, tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi. Soʻnggi ikki yil ichida Fargʻona viloyatida 8 ta hududlarda mana shunday zamonaviy Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari tashkil etildi.

    Prezident raisligida 2021-yil 19-yanvar kuni oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida hududlar markazida namunaviy loyiha asosida maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etish yuzasidan koʻrsatma berilgan edi.

    2021-yil 26-martdagi qaror asosida esa 2021-2023-yillarda barpo etiladigan maskanlar manzilli roʻyxati tasdiqlangandi.

    Maʼnaviyat maskani ochilish marosimida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov, Quvasoy shahar hokimi oʻrinbosari Alisher Mamajonov, nuroniylar, yoshlar, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda bu kabi qulaylik va imkoniyatlar maʼnaviy-maʼrifiy sohani yangi bosqichga olib chiqishini, ijodkor yoshlar uchun muloqot maydoni boʻlganligini taʼkidlashdi. Umumtaʼlim maktablaridagi ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar tomonidan tayyorlangan koʻrgazmalar va dastur barchada katta taassurot qoldirdi.

    Maskan talablar asosida jihozlanib, turli tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar, hunarmandlar uchun xona ajratilgan. Anjumanlar zalida turli tadbirlar tashkil etish mumkin.

    Oʻttiz mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona kitobxonlar ixtiyorida. Shuningdek, kirish qismiga ibratli soʻzlar tushirilgan bannerlar oʻrnatilgan hamda maskanga kirish qismidagi oʻng va chap tomonlarida Respublikamiz va viloyatimiz hududlaridan yetishib chiqqan allomalar, shoir va yozuvchilar hayoti va faoliyati haqida maʼlumot beruvchi kompozitsiya joylashtirilgan.