Quvasoyda 2,9 mlrd soʻmlik tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgan metan "zapravka" fosh etildi

    Fargʻona viloyatida joylashgan metan zaprakavkada gaz hisoblash uskunasiga noqonuniy aralashuv aniqlandi.

    Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xabar berdi.

    Maʼlumotga koʻra, Quvasoy shahridagi “M.M.C.” MCHJga tegishli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida oʻtkazilgan nazorat tadbiri chogʻida hisoblagich uskunasiga tashqi taʼsir koʻrsatilgani va muhrlar buzilgani aniqlangan.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur qoidbuzarlik oqibatida gaz taʼminoti korxonasiga 2 milliard 944 million soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.