Prezidentimizning joriy yil 4-5-fevral kunlari Fargʻona viloyatiga tashriflari davomida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan yigʻilishda Davlat bojxona qoʻmitasi mablagʻlari hisobidan joriy yil 1-iyun kuniga qadar qarovsiz qolib ketgan ushbu futbol maydonini zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilish boʻyicha topshiriq berilgan edi.

Mazkur topshiriq asosida Davlat bojxona qoʻmitasi mablagʻlari hisobidan 550 million soʻm ajratildi hamda kerakli qurilish-montaj ishlari oʻz vaqtida, toʻliq yakuniga yetkazildi.

Zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilingan futbol maydonining ochilish marosimi 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga toʻgʻri kelgani ham quvonarlidir.

Soʻnggi davrda beshta muhim tashabbus doirasida ommaviy sportni rivojlantirilayotgani, “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Davlatimiz rahbarining 2019-yil dekabrdagi alohida qarorlari natijasida yurtimizda futbol yangi bosqichga koʻtarildi. Bunda havaskor futbolni rivojlantirish oʻziga xos oʻrin tutadi.

Bugungi zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilingan futbol maydonida yaratilgan sharoitlar shu hududda yashaydigan aholining sport bilan hamnafas boʻlib yashashlariga imkoniyat yaratib beradi.

Yangi oʻyingohda 400 ga yaqin tomoshabinni oʻz bagʻriga sigʻdira oladigan oʻrindiqlar, yugurish yoʻlakchalari, zamonaviy kiyinish xonalari mavjud boʻlib, tungi yoritish tizimi ham oʻrnatilgan.