Quyon olishga pul olgan fuqaro «quyon»ning rasmini chizdi

    Kafilning "COBALT” rusumli avtomashinasi sotuvga chiqarilishi mumkin.

    Jalaquduq tumanining Oyim shaharchasida yashovchi Z.Q. quyon boqish istagida ATB «Qishloqqurilishbank»ka murojaat qilib, kafillik asosida kredit mablagʻini oladi.

    Biroq tadbirkor bu pullardan toʻgʻri foydalanmagani sabab, kredit mablagʻlarini qaytara olmaydi, toʻlovdan qochib yuradi. Oqibatda, kredit shartnomasi shartlariga koʻra kafillikni boʻyniga olgan X.X. sudda qoʻshimcha javobgar sifatida tilga olinadi.

    X.X. kredit olishida yana bir tanishi S.M.ga ham kafil boʻlgan. Biroq, qarzdor S.M. ham kredit pullarini qaytarmagan.

    Mazkur holatlar boʻyicha sudning ijro hujjatlari Byuroning Jalaquduq tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davrida qarzdor Z.Q. va S.M.larga tegishli mol-mulklar mavjud emasligi, jami qarzdorlik qariyb 45 mln soʻmni tashkil etishi sabab qarzdorlikni undirish qoʻshimcha javobgar X.X.ning “COBALT” rusumli avtomashinasiga qaratib qoʻyildi.

    Qarzdorlik bartaraf etilmasa, qoʻshimcha javobgar X.X.ning “COBALT” rusumli avtomashinasi sotuvga chiqarilishi mumkin.

    Hurmatli fuqarolar, kreditlarga kafil boʻlishdan oldin uning huquqiy oqibatlari bilan tanishib chiqishni yodingizdan chiqarmang, deya ogohlantirmoqda Majburiy ijro byurosi.