Bugungi kunda quyonchilik tarmogʻi dunyo iqtisodiyoti va isteʼmolida muhim oʻrinlardan birini egallagan. Shu jumladan, chorvachilikda goʻsht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari bilan bir qatorda quyon goʻshti yetishtirish ham muhim ahamiyatga ega. Zero, quyonchilik sardaromad sohalardan boʻlib, xususan goʻshti esa parhezbop hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan quyonchilik yoʻnalishida naslchilik ishlarini yaxshilash, aholi dasturxoniga sifatli va parhezbop quyon goʻshtini yetkazib berish, terisini sanoat usulida qayta ishlab eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Viloyatda quyonchilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatayotgan xoʻjaliklar soni 18 ta boʻlib, ularda jami 6 ming 205 bosh quyon parvarish qilinmoqda. 2021-yilning birinchi choragi davomida mavjud quyonchilik yoʻnalishidagi  xoʻjaliklar tomonidan 5 ming 93 kilogramm quyon goʻshti yetishtirildi.

Sohani yanada takomillashtirish yuzasidan belgilangan dasturga koʻra,  joriy yilda quyonchilik yoʻnalishida ishga tushirilishi rejalashtirilgan  5 ta loyiha uchun 6 milliard 550 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishi rejalashtirildi.

Ushbu loyihalarni toʻliq ishga tushirish orqali jami 2 ming 970 bosh naslli quyonlar hamda 48 ta yangi ish oʻrinlarini tashkil etish moʻljallanmoqda.

Mazkur loyihalar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Pastdargʻom tumanidagi “Mirjalol” xususiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 350 million soʻmlik loyiha ishga tushirilib, 600 bosh quyon keltirildi va 6 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Shuningdek, “Dargʻom agro velikan” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan parvarishlanayotgan 1 ming 850 bosh naslli quyonlar naslini ommalashtirish yuzasidan tegishli tadbirlar ishlab chiqildi.

 — Bulungʻur tumanida chorvachilikning quyonchilik yoʻnalishi bilan shugʻullanayotgan 2 ta fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib, ular tomonidan 370 dona zotdor quyonlar parvarishlanmoqda, — deydi inspeksiyaning Bulungʻur tumani boʻlimi katta inspektori Sanjar Turabov. — 2021-yilga moʻljallangan dasturga asosan, quyonchilik tarmogʻini rivojlantirish yuzasidan umumiy loyiha qiymati 5 milliard 200 million soʻmlik 3 ta loyiha ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu loyihalarni ishga tushirish maqsadida amaliy tadbirlar olib borilmoqda. Bu loyihalarni ishga tushirish orqali 28 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Ushbu loyiha doirasida jami 2 ming 70 bosh quyon boqilishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan 500 donasi goʻsht, 890 donasi naslchilik va 680 donasi naslchilik yoʻnalishlariga qaratilgan. Bundan tashqari, ushbu loyihalar orqali yiliga 21 tonna quyon goʻshti, 7 ming 710 dona teri va 12 ming 850 bosh naslli quyonlar yetishtirish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikriga koʻra, quyonning goʻshti va terisi, shuningdek, uning yogʻi ham ekologik toza mahsulot boʻlib, kosmetologiyada turli kremlarni tayyorlashda foydalansa boʻladi. Umuman olganda, quyonchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, uning terisi va moʻynasini sanoat usulida qayta ishlab, eskportga yoʻnaltirish xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tadbirkorlar uchun moʻmay daromad sanaladi. 

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

axborot xizmati