Quyosh elektr stansiyasi 2 ming nafar aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashda asqatdi

    Energetika 15 Oktabr 2020 670

    Andijon viloyati Ulugʻnor tumani Jannatobod MFY hududida “SOLAR POWER” MCHJ tomonidan kichik quyosh elektr stansiyasi oʻrnatilgan artezian suv qudugʻi ishga tushdi.

    Ichimlik suvi qudugʻiga quvvati 5 kilovatt boʻlgan kichik quyosh elektr stansiyasini oʻrnatish bilan 2 ming nafar aholini suv bilan taʼminlashga muvaffaq boʻlindi. Umumiy qiymati 52 million soʻmlik mazkur loyiha yiliga 44 ming kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilishi evaziga uch yilga bormay oʻzini qoplaydi.

    Energetika vazirligi loyihasi asosida yaratilgan mazkur quyosh elektr stansiyasining qulayliklari shundaki, tashqi elektr taʼminotisiz aholi xonadonlariga ichimlik suvi yetkazib beradi. Bunda tashqi elektr taʼminotida uzilishlar yuzaga kelganda ham aholi xonadonlariga ichimlik suvini uzluksiz ravishda yetkazib berish imkoniyati taʼminlanadi.

    Mazkur suv qudugʻidagi dvigatelning (suv nasosi) barqaror ishlash davri uzayadi. Yaʼni energotizimda yuklama ortib, kuchlanish oshib yoki pasayib ketishi natijasida dvigatelning rele himoyasi yoki obmotkalariga ziyon yetkazmaydi.

    Shuningdek, “Suvoqava” DUK hamda elektr taʼminoti korxonalari oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan qarzdorlik yuzaga kelmasligi taʼminlanadi. Buning natijasida esa undirilgan mablagʻlar hisobiga suv quduqlari, suv taqsimlash inshootlari va boshqalarni “Suvoqava” DUK tomonidan ekspluatatsiya qilish imkoniyati kengayadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.