Quyosh panellarini oʻrnatish monopoliyaga aylanib qoldimi? Energetika vazirligi bu kabi gap-soʻzlarga munosabat bildirdi

    Energetika 7 Avgust 2023 1750

    Ijtimoiy tarmoqda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga oʻrnatish monopoliyaga aylanib qolgani haqida tanqidiy maqola chop etildi.

    Energetika vazirligi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekistondda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini oʻrnatish davlat tomonidan emas, tadbirkorlik subyektlari (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi. Bugungi kunda respublikada quyosh fotoelektr tizimlarini va quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatish hamda ularga servis xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi 100 dan ziyod tadbirkorlik subyektlari mavjud.

    Ular mamlakatimizdagi qaysidir katta kompaniyalar bilan bogʻlanmagan, biri-biridan mustaqil, raqobatga kirishgan holda faoliyat yuritadi. Xorijdan quyosh fotoelektr tizimlarini toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish, mamlakat hududiga olib kirish, xaridorlarga yetkazib hamda oʻrnatib berish, shuningdek, ularga servis xizmatlari koʻrsatishda ham hech bir tadbirkorlik subyektiga cheklov qoʻyilmagan.

    Yaʼni aholi vakillari, tadbirkorlar oʻzlari istagan tadbirkorlik subyekti bilan shartnoma imzolab, oʻz hududiga quyosh fotoelektr tizimlarini oʻrnatishi mumkin.

    Bunda hech qanday majburlashlarga va xarid qilishda qiyinchiliklar tugʻdiradigan (qimmat narx, foizlarni oshirish kabi) holatlarga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi.

    2023-yilda “Yashil energiya” MCHJ tomonidan ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralari ehtiyojlari uchun umumiy quvvati 10 MVtlik quyosh fotoelektr stansiyalarini xarid qilish, oʻrnatish va ularga texnik xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha “Sun High Tech” (2 MVt), “Eleve Fast Service” (2 MVt), “Humo Solar” (2 MVt), “Ogma Projects” (2 MVt), “Oʻzbekenergotaʼmir” (2 MVt) kompaniyalari bilan jami 93 mlrd soʻm (8,08 mln dollar) qiymatda shartnomalar imzolandi.

    Shuningdek, quyosh panellarini xarid qilish boʻyicha “Tongwei Solar (Hefei) Co., Ltd” va ular uchun On-Grid invertorlarini xarid qilish boʻyicha “Huawei International Co. Ltd” kompaniyalari bilan umumiy quvvati 300 MVtga teng quyosh panellari va invertorlari yetkazib kelinishi boʻyicha shartnomalar imzolandi.

    Taʼkidlash oʻrinliki, agar joriy yil boshida 1 kVt quvvatga teng quyosh panelini oʻrnatish narxi 11,5 mln soʻmga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bu raqam bugungi kunda 8,5 mln soʻmdan iborat boʻlyapti. Shuning oʻziyoq sohada raqobatning mavjudligini va tadbirkorlar mijoz uchun tannarxni pasaytirishdan, ularga qoʻshimcha imtiyozlar yaratib berishdan manfaatdorligini isbotlaydi, deyiladi vazirlik Axborot xizmati xaarida.