Biroq, biz xarid qilayotgan quyultirilgan sut sifati, uning qadogʻida keltirilgan mahsulot tarkibiga har doim ham muvofiqmi? Mazkur savolga Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi javob topishga qaror qildi.

TANLOV BOSQICHI

Sinovdan oʻtkazish uchun mazkur mahsulotning 6 turdagi namunasi tanlab olindi. Ular quyidagilar:

  1. “Zayka” sut asosli shakar bilan quyultirilgan mahsulot (250 g.), “GOOD FOOD ORGANIC” QK MCHJ (Oʻzbekiston);
  1. “Alekseyevskoye” qaymogʻi olinmagan shakarli quyultirilgan sut (270 g.), “Alekseyevskiy sutkonserva kombinati” YOAJ (Rossiya);
  1. “Lakomka” sut asosli shakar bilan quyultirilgan mahsulot (320 g.), “GOOD FOOD ORGANIC” QK MCHJ (Oʻzbekiston);
  1. Qaymogʻi olinmagan shakarli quyultirilgan sut (320 g.), “Agro Bravo” MCHJ;
  1. “Sguщyonka” tarkibida sut boʻlgan shakar bilan quyultirilgan mahsulot (480 g.), “Ichnin sutkonserva kombinati” XAJ (Ukraina);
  1. Tarkibida sut boʻlgan sut yogʻi oʻrnini bosuvchi komponent qoʻshilgan mahsulot (350 g.), “Belmolprodukt” OAJ (Rossiya)

EKSPERTIZA

6 turdagi mahsulot namunasi GOST 31703-2012 “Shakarli, tarkibida sut boʻlgan konservalar. Umumiy texnik shartlar” va “Sut va sut mahsulotlari xavfsizligi toʻgʻrisida” Umumiy texnik reglament talablariga muvofiqligi “UzTest” DUKda va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqligi yuzasidan sinovdan oʻtkazildi.

EKSPERTIZA NATIJALARI

Sinov natijalariga koʻra, barcha tanlab olingan quyultirilgan sut mahsulotlari ogʻir metall va boshqa zaharli moddalar normalari talablariga javob berishi maʼlum boʻldi.

Biroq, boshqa bir qator koʻrsatkichlar boʻyicha tanlab olingan mahsulotlar oʻrnatilgan talablarga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, “GOOD FOOD ORGANIC” QK MCHJ (Oʻzbekiston) korxonasining “Zayka” va “Lakomka” sut asosli shakar bilan quyultirilgan mahsulotlarida organoleptik (taʼm va hid) talablarga nomuvofiqligi, ruxsat etilgan namlik miqdori, sut qoldigʻi va oqsil umumiy hissasining pastligi, tarkibida oʻsimlik yogʻlarining mavjudligi hamda qayishqoqlik darajasi kabi koʻrsatkichlar boʻyicha talablarga javob bermasligi maʼlum boʻldi.

“Agro Bravo” MCHJning qaymogʻi olinmagan shakarli quyultirilgan sut mahsulotida ham namlik miqdori belgilangan normadan yuqori, sut qoldigʻi va oqsil umumiy hissasining pastligi, tarkibida oʻsimlik yogʻlarining mavjudligi hamda saxaroza miqdorining pastligi aniqlandi. Taʼkidlash kerakki, mazkur mahsulot qadogʻida keltirilgan tarkibga koʻra – mahsulot faqatgina tabiiy sut va shakardan tayyorlangan boʻlishi lozim.

“Belmolprodukt” OAJ korxonasining tarkibida sut boʻlgan sut yogʻi oʻrnini bosuvchi komponent qoʻshilgan mahsulotining sinov natijalari mahsulot belgilangan zichlik darajasiga muvofiq emasligini, sut qoldigʻi va oqsil umumiy hissasining hamda sut yogʻi darajasining belgilangan normalardan pastligini koʻrsatdi.

Agentlik tomonidan mazkur ishlab chiqaruvchilarning muvofiqlik sertifikatlarini bekor qilish hamda chakana savdo obyektlaridan ushbu mahsulotlarni isteʼmoldan olish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi zaruriy maʼlumotlar vakolatli davlat organlariga yuborildi. Yuqoridagi toʻrtta mahsulotdan uchtasi boʻyicha muvofiqlik sertifikati bekor qilingan. Xususan, “GOOD FOOD ORGANIC” QK MCHJ mahsulotlariga nisbatan muvofiqlik sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ishlab chiqaruvchining oʻzi tomonidan taqdim etildi. “Agro Bravo” MCHJ mahsulotlariga nisbatan qoʻshimcha oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra qaror qabul qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining asosiy vazifalaridan biri boʻlib, ushbu sohada davlat nazoratini amalga oshirish hamda tovar (ish, xizmat) xavfsizligi va sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish boʻlib hisoblanadi.

Mazkur nazorat xaridi natijalari boʻyicha “Oʻzbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan videolavha videosyujetni tomosha qilishingizni tavsiya etamiz.

Agentlik respublikada sotilayotgan mahsulotlarni oʻrganishda davom etadi va natijalari boʻyicha jamoatchilikni xabardor qilib boradi.

Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish agentligining matbuot xizmati.