Uchrashuvda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti professori Azizbek Marahimov ham ishtirok etdi.

Oʻzaro muloqot davomida poytaxtimizning turli hududlariga havoning ifloslanish koʻrsatkichlarini yuqori aniqlikda koʻrsatuvchi kichik stansiyalarni oʻrnatish va ularning maʼlumotlari asosida ifloslanish nimalar hisobiga yuzaga kelayotganligi toʻgʻrisida axborot olish masalasi atroflicha muhokama etildi.

R-NOX kompaniyasining tijorat ishlari boʻyicha direktori Andrey Karpov ular 2016-yildan buyon shu yoʻnalishda faoliyat olib borishini bildirib, havoning ifloslanishini koʻrsatuvchi kichik stansiyalarni ishlab chiqish, takomillashtirish, turli hududlarga oʻrnatish va servis xizmatini koʻrsatib kelishayotganligini qayd etdi. Oʻz uskunalari va dasturiy mahsuloti haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Aleksey Xen havoning ifloslanishini oʻlchovni ilgʻor va samarali uskunalar Toshkent uchun dolzarbligini taʼkidlab, bu yoʻnalishda amalda qoʻllanilayotgan texnikalarga eʼtibor qaratdi. Xususan, Toshkent boʻylab Gidrometeorologiya xizmati agentligining 2 ta yirik stansiyasi, AQSH elchixonasidagi stansiya qatori, hududlarda Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan oʻrnatilgan 10 ta kichik stansiya test rejimida ishlayotganligini aytdi. Ularning imkoniyati va maʼlumotlariga toʻxtalib oʻtdi.

Tomonlar bu yoʻnalishda hamkorlik istiqbollarini ham koʻrib chiqdi. R-NOX kompaniyasining Toshkentga sinov tariqasida bitta kichik stansiyani oʻrnatishiga kelishib olindi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.