Mazkur hujjat atom elektr stansiyalari, kichik modulli yadro reaktorlar, tadqiqot yadro reaktorlar hamda boshqa yadroviy qurilmalardan foydalanish va ularni foydalanishdan chiqarish jarayonida hosil boʻladigan radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlikni taʼminlashga oid talablarni belgilaydi.

Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda quyidagi xavfsizlik talablariga rioya qilinishi lozim, jumladan:

  • xodimlarning nurlanish dozalari ustidan doimiy individual nazoratni amalga oshirish;
  • radioaktiv chiqindilarni ularning faollik darajasiga koʻra tasniflash;
  • radioaktiv chiqindilardan radiatsiya tarqalishining oldini olish maqsadida muhofaza va muhandislik toʻsiqlarini qoʻllash;
  • xodimlarni shaxsiy himoya vositalari hamda dozimetrik nazorat vositalari bilan taʼminlash;

Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda radiatsiyaviy nazorat shakli obyekt loyihasida belgilanishi va obyektning ekspluatatsiya hujjatlarida koʻrsatilishi lozim.

Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar ekspluatatsiya hujjatlarini, jumladan radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnomalar va qoʻllanmalarni ishlab chiqishni taʼminlashi lozim.

Atom energiyasidan foydalanish jarayonida radioaktiv chiqindilar hosil boʻlishining normalari, shu jumladan radioaktiv chiqindilar hosil boʻlishining yillik rejalashtirilgan miqdorlari (hajmlari) hisobotda koʻrsatilishi lozim.