Komila KAROMOVA, Qashqadaryo viloyati mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi:
Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini ta'minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat va jamiyat hayotida tutgan o'rni, nufuzi va faolligini oshirishga katta e'tibor va ahamiyat qaratilyapti. Ayni paytda o'z faoliyati bilan el-yurt ravnaqiga munosib hissa qo'shayotgan fidoyi xotin-qizlar rag'batlantirilmoqda, mukofotlar bilan taqdirlanmoqda. Jumladan, yurtimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonida faol qatnashayotgan hamda tashabbuskor bir guruh ayollar qatorida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganim ham cheksiz quvonch bag'ishladi, ham zimmamga yuksak mas'uliyat yukladi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Islohotlarimiz natijalari, bo'layotgan o'zgarishlar va aholining kayfiyati, avvalo, mahallada seziladi. Shu ma'noda, “mahalla — jamiyatimizning yorug' yuzi va vijdoni ko'zgusi”, desak, to'g'ri bo'ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o'z sohasi bo'yicha mahallalardagi muammolarni o'rganishi va ularga echim topishi, odamlar sezadigan natijani ta'minlashi shart”, deb alohida ta'kidladi. Yurtimizda mahalla maqomini yuksaltirish, mahalla raisi mavqei va nufuzini oshirish, barcha soha vakillarini “xonadonbay” va “mahallabay” tizimi asosida ishlashi bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Bugungi kunda odamlar hayotiga chuqur kirib bormay, ular bilan muloqot qilmay turib, mavjud muammolarni o'rganish va echim topish mushkul. Ayni shu maqsadda xalq bilan muloqot qilish, aholi murojaatlari bilan ishlash borasida butkul yangicha tizim yo'lga qo'yildi. Qashqadaryo viloyatida 772 ta mahalla fuqarolar yig'ini mavjud bo'lib, ularda 626 ming 189 xonadon, 778 ming 924 oila, 3 million 300 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahalla faollari, soha vakillari hududlarda mahallama-mahalla, ko'chama-ko'cha, uyma-uy yurib, har bir xonadon va oila muammolarini o'rganib, ularni hal qilish choralarini ko'ryapmiz. Kasalni davolagandan ko'ra, uning oldini olgan afzal, deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o'tirmay xalq ichiga, odamlar orasiga kirib borib, mavjud masalalarni erta aniqlash va hal qilish muhim ahamiyatga ega. Bundan kutilgan asosiy maqsad — aholi muammolarini chuqur o'rganish, ularga tezkor, samarali va hayotiy echim topishdan iborat.
Yangi davr zimmamizga katta vazifalarni yuklamoqda. Ular ijrosini samarali ta'minlash har qachongidan-da faol va tashabbuskor bo'lish, joylarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini to'laqonli joriy etish, oilalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish borasidagi ishlarni yangicha mazmun bilan boyitishni taqozo etadi.









