баннер
25 Apr 2025
18:27

    Rag‘batga munosib harakat

    Final natijalariga ko‘ra, 7 nafar g‘olib ishtirokchi D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filialiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 100 foiz grant asosida qabul qilish sertifikatiga ega bo‘ldi.

    Ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro “Ziyo Forum” fondi, “Oʻzkimyosanoat” AJ va D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filiali hamkorligida talaba qizlar hamda maktab oʻquvchilari oʻrtasida kimyo fani boʻyicha akademik A.S. Sodiqov nomidagi olimpiada tashkil etildi.

    Olimpiada talabalar oʻrtasida uch bosqichda oʻtkazildi. Birinchi bosqichda ishtirokchilarga onlayn platforma orqali test sinovlari topshirildi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan 20 nafar ishtirokchi keyingi bosqichga yoʻllanma oldi. Ikkinchi bosqichda amaliy topshiriqlar bajarildi va 10 nafar eng yuqori natijaga ega talaba final bosqichiga yoʻl oldi. Final bosqichida ishtirokchilar oʻz ilmiy loyihalarini taqdim etishdi va hakamlar hayʼati tomonidan gʻoliblar aniqlandi.

    Olimpiada natijalariga koʻra, 1-oʻrin gʻolibi Shahzoda Hakimova 5 000 000 soʻm pul mukofoti va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi. 2-oʻrinni Yulduz Toʻxtayeva qoʻlga kiritib, 3 000 000 soʻm mukofot hamda esdalik sovgʻalarga sazovor boʻldi. 3-oʻrin sohibi Zuhraxon Mahkamova esa 1 500 000 soʻm pul mukofoti va qimmatbaho esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

    Maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan olimpiadaning saralash bosqichida 150 nafarga yaqin yosh bilimdonlar test sinovlarida oʻz kuchini sinab koʻrdi. Ularning ichidan eng munosib 20 nafari final bosqichiga yoʻllanma oldi.

    Final natijalariga koʻra, 7 nafar gʻolib ishtirokchi D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filialiga toʻgʻridan-toʻgʻri 100 foiz grant asosida qabul qilish sertifikatiga ega boʻldi.

    Bu olimpiada yoshlarning kimyo faniga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga ilhomlantirish va kelajakdagi yutuqlari sari yoʻl ochish uchun ajoyib imkoniyat boʻldi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech