Urgut tuman Yuridik xizmat koʻrsatish markazi hozirgi kunda 12 ta davlat organi va tashkilotiga yuridik xizmat koʻrsatib keladi. Yaʼni, ular tomonidan taqdim qilingan yuridik tusdagi hujjatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini huquqiy ekspertizadan oʻtkazib, tegishli tartibda huquqiy xulosalar beradi.

Markaz rahbari Maʼmur Jumanovning taʼkidlashicha, joriy yilning 30-may holatiga davlat tashkilotlari tomonidan Markazga jami 4065 ta hujjatlar, yaʼni 2775 ta buyruq va 1260 ta shartnoma taqdim qilingan. Shundan, 501 holatda taqdim etilgan hujjatlarda xato-kamchiliklar boʻlganligi sababli rad etilib, davlat tashkilotiga qaytarilgan hamda qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan holda huquqiy hulosalar berilgan. 59 holatda taqdim qilingan hujjatlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmaganligi sababli ularga salbiy hulosalar berilgan.

Masalan, Urgut tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2021-yil 21-dekabr kuni patronaj hamshira Sh.Sattorovaga 2021-yil 17-dekabr tugʻilgan farzandi Sh.Dustmurodovning ikki yoshga toʻlgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasiga asosan 2021-yilning 15-dekabridan ikki yillik bola parvarishlash taʼtili berish boʻyicha buyruq loyihasi huquqiy ekspertiza xulosasi olish uchun Markazga taqdim qilingan. Oʻrganish davomida birlashmaning patronaj hamshirasi Sattorova Shahlo Utkir qizi ayni vaqtda homiladorlik va tugʻish taʼtilida boʻlganligi aniqlangan.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasiga binoan, homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar bolani parvarishlash uchun taʼtil berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa toʻlanadi. Urgut tuman tibbiyot birlashmasi patronaj hamshirasining homiladorlik va tugʻish taʼtili muddati 2022-yil 10-fevralda tugallanishi sababli, mazkur buyruq loyihasiga qonun hujjatiga muvofiq emas, deb xulosa berilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2021-yil 27-apreldagi 210-k-sonli buyrugʻiga asosan Urgut tuman xalq taʼlimi boʻlimining Maʼnaviy-axloqiy tarbiya va taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish shoʻbasi rahbari Sh.Saitqulovga Urgut tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan. Adliya vazirligi tomonidan 1995-yil 20-sentyabrda 177-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3.2-bandida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish yuqori turuvchi organning qarori (buyrugʻi) bilan amalga oshirilishi alohida belgilangan.

Urgut tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazishga taqdim etilgan buyruq loyihasida esa shu yilning 1-fevralida boʻlimning Maʼnaviy-axloqiy tarbiya va taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish shoʻbasi rahbari Sh.Saitqulovni bir oylik maosh miqdorida moddiy ragʻbatlantirish qayd qilingan. Buyruq loyihasi ushbu Nizom talablariga muvofiq boʻlmaganligi sababli, qonunchilik hujjatiga muvofiq emas, deb topilgan.

Yuridik xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida ushbu tashkilotlar bilan xamkorlikda oʻquv seminarlari, davra suhbatlari tashkil qilinmoqda.

Mansur HASANOV,
Samarqand adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha maslahatchisi