Toshkent viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi, SeOM tizimida mehnat qilayotgan ko'p ming sonli tibbiyot sohasi xodimlari, viloyat jamoatchiligi bu holatdan nihoyatda muatassir bo'ldik.
Mazkur videoyozuvdagi voqelik – rahbar, tibbiyot sohasi vakili uchun sharmandali hol. Har qanaqasiga olganda ham o'z xodimlariga bunday muomala ko'rsatayotgan rahbarni umuman oqlab, tushunib bo'lmaydi.
Mana shunday voqelik aynan Toshkent viloyatida sodir bo'lgani, oramizda shunday rahbarlarning borligi – barchamizni yanada hushyor torttirdi. Prezident har bir chiqishida, har bir so'zida rahbarlarni xalq bilan muloqotda adolatli, halol, madaniyatli bo'lishga da'vat etib, qat'iy topshiriq berib turganda, afsuski, viloyat tashkilotida rahbarlik kursisida o'tirgan kimsa barchamizning bu boradagi umumiy mehnatimizni keng jamoatchilik oldida havoga sovurandek bo'ldi, nazarimda. Qolaversa, pandemiya vaqtida tunu kun ishlayotgan SeOM, keng ma'noda, tibbiyot sohasi xodimlarini mulzam qildi.
Uzoq yillar davomida tibbiyot sohasi va davlat boshqaruvida mas'ul vazifalarda ishlab kelayotgan inson sifatida, bu holatga qanday baho berish, izoh yozishga lolman. Ochig'ini aytganda, faoliyatim davomida bunday yoqimsiz manzaraga ilk marta duch kelayapman.
Ayni damda tizimda fidokorona mehnat qilgan ne-ne zahmatkash ustozlarim, do'stlarim yodimga tushayapti. SHu ma'noda, uning bu muomalasi bizning viloyatda ishlayotan necha-necha qalbi pok, madaniyatli, oliyjanob rahbarlar, tibbiyot fidoyilariga nisbatan ham hurmatsizlikdir.
Hurmatli viloyatimiz tibbiyot xodimlari! Bugungi sinovli kunlarda sizning mehnatlaringizni butun xalqimiz, davlatimiz rahbari, e'tirof etib, hamjihat bilan qo'llab-quvvatlab turganda, biz - Toshkent viloyati jamoatchiligi ham bu vaziyatda sizlar bilan hamfikr, yakdil ekanimizni bildiramiz.
Sayyora Fayzieva,
Ma'naviyat va ma'rifat markazi Toshkent
viloyati kengashi rahbari,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati – Ijtimoiy-madaniy
rivojlantirish masalalari bo'yicha doimiy komissiya raisi