Milliy kadrlar zaxirasi – bu malakali kadrlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan, davlat fuqarolik xizmatini malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlaydigan maʼlumotlar bazasi hisoblanadi. Milliy kadrlar zaxirasi “amaldagi zaxira” va “istiqbolli davlat fuqarolik xizmatchilari”dan iborat.

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda amalga oshiriladi. Agentlik tomonidan ushbu yoʻnalishda ilgʻor xorijiy tajriba va milliy amaliyot uygʻunligi asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish asosida “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksi ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etilmoqda.

Rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda turli sohalarda samarali faoliyat koʻrsatib kelayotgan yuqori malakali, yetakchilik xususiyati va boshqaruv koʻnikmalariga ega tashabbuskor kadrlar;

mehnat faoliyati natijalariga koʻra mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari;

tashabbuskor va islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etuvchi yoshlar va mahallalardagi yoshlar yetakchilari;

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi gʻoliblari;

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiantlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Milliy kadrlar zaxirasiga ular orasidan munosib nomzodlarni saralab olish maqsadida ularning bilimi, psixologik holati va rahbarlik koʻnikmasi baholab boriladi. Nomzodning salohiyatini baholash test sinovlari, “360 daraja” oʻrganish va assessment usullarini oʻz ichiga oladi.

Agentlik Davlat boshqaruvi akademiyasi va yurtimizning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda zaxiraga olingan shaxslar uchun muntazam ravishda vebinar (maʼruza), amaliy mashgʻulot va seminar-trening shaklidagi maxsus oʻquvlarni hamda hududdagi rahbarlarga biriktirgan holda dublyorlik asosida stajirovkalarni tashkil etib bormoqda.