Jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyining bu borada alohida oʻrni va ahamiyati bor.
Butun dunyo musulmonlari qatori xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida 2024-yil 7-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Qarorda davlat idoralari jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarga mos va munosib tarzda oʻtkazish vazifasi belgilandi.
Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi ustuvor vazifalari ham Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Aynan shu maqsadda joriy yilning 8-aprel sanasida Markaz tomonidan poytaxtimizdagi City Palace Hotel mehmonxonasida iftorlik marosimi oʻtkazildi.
Unga vazirlik va idoralar mutasaddilari, parlament aʼzolari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo, kuzatuvchi va muloqot boʻyicha sherik davlatlarning Toshkentdagi elchilari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan turli konfessiya vakillari va milliy madaniy markazlar rahbarlari taklif etildi.
Ahillik va hamjihatlik muhitida oʻtgan ushbu tadbir yurtimizdagi turli millat va din vakillari oʻrtasidagi totuvlikni, oʻzaro ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.
Muqaddas Ramazon oyi yakunlanib, Iydul Fitr ayyomiga ham sanoqli damlar qolmoqda. Shu fursatdan foydalanib, Xalq diplomatiyasi markazi barcha yurtdoshlarimizni ushbu muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etadi.
Barchaga tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va qut-baraka tilaymiz.
Ramazon hayiti muborak boʻlsin!