Ramazon fazilati va tinchlik qadri haqida samimiy muloqot bo‘ldi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 14-mart kuni Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldi.

    Safar asnosida davlatimiz rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi ishlar, muborak Ramazon oyining fazilatlari haqida so‘z bordi.

    Ma’lumki, 11-mart kuni butun islom ummati qatori yurtimiz musulmonlari ham bu qutlug‘ oyni xursandchilik bilan kutib oldilar. Ro‘zadorlar mamlakatimizdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda, buning uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytmoqda. Masjidlarda Qur’oni karim xatm etilib, xalqimizga osoyishtalik, fayzu baraka tilab duolar qilinmoqda.

    Muftiy bu ulug‘ ayyomda sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo‘lishini, yurtdoshlarimiz buni his qilib, savob amallarni ko‘p qilayotganini aytdi.

    Prezidentimiz bu oyni yuksak darajada o‘tkazish, yurtimizdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulug‘lash maqsadiga muvofiq, xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.

    Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi ta’kidlandi. Yoshlarni bilim-ma’rifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni o‘qishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi.