“Tibbiyotdagi islohotlar-inson qadri uchun” shiori ostida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida oʻtkazilayotgan tibbiy koʻrik jarayonida, hududdagi 20-sonli oilaviy poliklinika mudiri Saltanat Karimova asli Rossiyalik boʻlgan, “Baxmalsoy”lik Vera xolani ogʻir bir ahvolda, oʻz uyida yotganligini ustidan chiqdi.
“Oʻz xonadonimdan issiq yeguliklar keltirib, davo muolajalarini boshladim, — deydi poliklinika mudiri. — Hozir ancha yaxshi. Lekin, opaga eʼtibor va gʻamxoʻrlik zarurligi shunday koʻrinib turgandi. Qolaversa, yordam ham. Oʻylab turib, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boʻlimiga murojaat etdim. Ular murojaatimni oʻrganib, Vera Ovcharenkoga ham moddiy, ham maʼnaviy yordam koʻrsatishga qaror qildi”.
“Mahalla” xayriya jamgʻarmasi Baxmalsoylik onaxon xonadoniga 20 turdan iborat oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan birga, u kishining uyini saranjom va sarishta qilishga yordamlashdi. Shu bilan birga shifokorlar koʻrsatmasiga binoan 9 turdagi davolash kursiga yetadigan 390 ming soʻmlik dori va boshqa tibbiy vositalarni yetkazib berdi.
Bundan tashqari, jamgʻarma tomonidan Vera Ovcharenko xonadoniga 3 ta gilam, nurab, bir ahvolga kelib qolgan uyning tashqi qismini taʼmirlash uchun qum, sement, emal boʻyoqlar, taʼmirlash asboblari, LET yoritgichlar yetkazib berildi. “Baxmalsoy” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Yorqin Eshonqulov yordami bilan oʻsha hududda yashovchi, savobtalab usta va ishchilar kuchidan unumli foydalanib, opa uyi taʼmirlanib, tomorqasi chopib berildi. U yerga turli xil daraxt koʻchatlari, pomidor, bulgʻor qalampiri va baqlajon koʻchatlari ekib berildi.
“Mahalla”xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boʻlimi matbuot xizmati.