Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Energetika vazirligida isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan uzluksiz va barqaror taʼminlash chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Bosh prokuror oʻrinbosari S.Samadov, “Oʻzenergoinspeksiya” hamda yoqilgʻi-energetika sohasidagi barcha aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda, xususan, muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqildi va quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:
Yoqilgʻi-energetika obyektlaridagi asosiy va yordamchi qurilmalarning ishonchli faoliyatini taʼminlash, aholi va ulgurji isteʼmolchilarga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish boʻyicha zarur choralar koʻrildi.
Ikki mingdan ortiq jomeʼ masjidlarda elektr taʼminoti barqarorligini taʼminlash maqsadida taqsimlash tarmoqlari toʻliq koʻrikdan oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Taroveh namozlari oʻqiladigan masjidlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun har bir masjidga bir nafardan navbatchi energetik xodim biriktirildi. Bundan tashqari, zarur holatlarda dizel generatorlarini oʻrnatish choralari koʻriladi.
Shuningdek, mazkur masjidlarda 2547 nafar muhandis-texnik xodimdan iborat navbatchilik tashkil etildi. 210 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadasi shakllantirilib, ularga 250 ta avtomobil va maxsus texnika biriktirildi.