Farmondan koʻzlangan maqsad etib, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini taʼminlash hamda boshqaruv xarajatlarini qisqartirish belgilandi.
2025-yil 1-noyabrdan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maqbullashtiriladigan boshqaruv shtat birliklari soni tasdiqlandi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:
sohaga oid boʻlmagan vazifalarning qisqartirilishi va faoliyatiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishini;
maʼlumotlarni qayta ishlash hamda sunʼiy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yoʻnalishdagi ustuvor loyihalar amalga oshirilishini;
sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha aholining bilim va koʻnikmalarini oshirish, kadrlar salohiyati rivojlantirilishini taʼminlab boradi.
Farmonga koʻra, Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida jami 2141 nafar xodim qisqartiriladi. Shuningdek, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarda rahbar oʻrinbosarlari soni 16 taga kamayadi.
Quyidagi vazirlik va idoralarda qisqartirishlar amalga oshiriladi:
- Suv xoʻjaligi vazirligi – 224 nafar;
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi – 218 nafar;
- Adliya vazirligi – 197 nafar;
- Ekologiya va iqlim oʻzgarishi vazirligi – 176 nafar;
- Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi – 163 nafar;
- Soliq qoʻmitasi – 486 nafar;
- Davlat aktivlarini boshqarish agentligi – 65 nafar.
Rahbar oʻrinbosarlari soni quyidagicha qisqartiriladi:
- Qoʻmitalarda – 11 tadan 7 tagacha;
- Agentliklarda – 12 tadan 6 tagacha;
- Inspeksiyalarda – 13 tadan 7 tagacha.
Bu chora-tadbirlar natijasida:
- Davlat byudjeti hisobiga moliyalashtiriladigan xodimlar soni 43 332 nafarga kamayadi.
- Byudjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobiga esa 3 657 nafarga qisqartiriladi.
Qisqartiriladigan xodimlarning mehnat huquqlari himoya qilinadi. Farmonda mehnat qonunchiligi talablariga qatʼiy rioya etish, qisqartirilgan xodimlarni ishga joylashtirishda yordam koʻrsatish vazifalari belgilangan. Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda qisqartiriladigan xodimlarni oʻz vaqtida ishga joylashtirish choralarini koʻradi.
Ushbu Farmon davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarni joriy qilish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning uzviy qismi boʻlib, davlat byudjeti xarajatlarini tejash va boshqaruv tizimini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi. Qisqartiriladigan xodimlarning ijtimoiy himoyasi va ularni ish bilan taʼminlash davlatning doimiy nazoratida boʻladi.









