Farmonga koʻra, IT-park rezidentlariga quyidagi qoʻshimcha faoliyat turlari boʻyicha xizmat koʻrsatishga ruxsat beriladi:
- axborot texnologiyalari sohasida tashkil etiladigan taʼlim xizmati doirasida, ingliz tili bilan bir qatorda boshqa xorijiy tillarni ham oʻqitish;
- internet orqali axborot xizmatlarini eksport qilish faoliyati doirasida, biznes-jarayonlar autsorsingi yoʻnalishi boʻyicha taʼlim faoliyatini amalga oshirish;
- internet orqali bilim jarayonlari autsorsingi (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish.
2025-yil 1-fevraldan 2030-yil 1-yanvargacha eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan IT-park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini koʻrsatgan, Oʻzbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslari ushbu kalendar yil yakunigacha foyda soligʻidan ozod etiladi.
2025-yil 1-fevraldan 2040-yil 1-yanvargacha jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan IT-park rezidentlarining taʼsischilari (ishtirokchilari) – Oʻzbekiston norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda foyda soligʻining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.