Unga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda IT-sanoatni rivojlantirish, aholini yuqori daromadli ish oʻrinlari va zamonaviy kasblar bilan taʼminlash, shuningdek, hududlarga IT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni keng jalb qilishga qaratilgan dastur (Zero Risk) joriy etiladi.
Mahalliy bozor uchun IT-xizmatlar koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha (Local to Global) amalga oshiriladi.
Umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun koʻrsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori boʻlgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasida yuridik shaxs sifatida faoliyatini yoʻlga qoʻygan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda IT-park rezidenti maqomi beriladi.
Dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga:
a) IT-parkning tavsiyanomasiga asosan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda IT-park filiallarining davlat mulki boʻlgan boʻsh binolari va maydonlari (xonalari) bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi.
Bir yil muddat tugagandan soʻng Dasturda ishtirok etuvchi korxonalar bilan ularga tekin foydalanish huquqi asosida berilgan bino va maydonlar (xonalar) yuzasidan “E-auksion” elektron savdo platformasida bir metr kvadrat maydon uchun tegishli hudud boʻyicha shakllangan oʻrtacha ijara haqi miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuziladi.
IT-park tomonidan xarid qilingan yangi kompyuter, boshqa texnika va jihozlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida, keyinchalik ular 3 oylik davrda foizsiz boʻlib toʻlash (xarid qilish) sharti bilan taqdim etiladi.
Dasturda quyidagi talablardan biriga mos keluvchi IT-park rezidenti maqomiga ega boʻlgan tashkilotlar ishtirok etadi:
- umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun koʻrsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori boʻlgan tashkilotlar;
- amalda 500 ming AQSH dollari va undan yuqori boʻlgan ekvivalentdagi eksport shartnomasiga ega boʻlgan tashkilotlar;
- yillik aylanmasi miqdori 1 million AQSH dollari ekvivalenti va undan yuqori boʻlgan xorijiy kompaniya taʼsischiligida tashkil etilgan yangi tashkilotlar.
Loyixa doirasida IT-park rezidenti boʻlgan tashkilotlarga:
a) eksport rejasini ishlab chiqish, istiqbolli xorijiy bozorlarni aniqlash va ularga chiqish talablarini oʻrgatish, mijozlarni topish, ular bilan muzokaralar olib borish, eksport hujjatlarini rasmiylashtirish, xizmatlar realizatsiyasidan keyingi bosqichdagi qoʻllab-quvvatlash jarayonlarini tashkil etish yoʻnalishlarida IT-park tomonidan bepul maslahat (eksport mentoring) xizmatlari koʻrsatiladi;
b) jahon bozoriga chiqish yoʻnalishidagi xarajatlarning 50 foizgacha qismi quyidagi chegaralangan miqdorlarda qoplab beriladi:
- xorijiy ekspert maslahat xizmatlari uchun 10 ming AQSH dollari ekvivalentigacha;
- xalqaro koʻrgazma va konferensiyalarda ishtirok etish uchun 5 ming AQSH dollari ekvivalentigacha;
- xorijiy hamkorlar bilan biznes muzokaralar oʻtkazish maqsadida ularning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish uchun amalda eksport qilgan xizmatlari hajmiga mos ravishda 20 ming AQSH dollari ekvivalentigacha;
- xorijiy mamlakatlarga xizmat safari (transport va mehmonxona xarajatlari) uchun 5 ming AQSH dollari ekvivalentigacha;
v) umumiy xodimlari sonining koʻpi bilan 50 foizi, lekin bir nafar xodim uchun bir kalendar yilda bir marotaba roʻyxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan nufuzli xalqaro platformalar va taʼlim yoʻnalishlarida oʻqish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi;
g) xodimlar malakasini oshirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi nufuzli xalqaro taʼlim platformalarining eksport yoʻnalishida talab yuqori boʻlgan onlayn oʻquv kurslarida bepul oʻqitish imkoniyati taʼminlanadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Oʻzbekistonning IT-sohadagi salohiyatini jahon bozorida targʻib qilish, mamlakatimizga xorijiy kompaniyalarni hamda mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va IT-xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalarga buyurtmalarni keng jalb qilish maqsadida:
a) 2024-yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida asosiy faoliyati mahalliy korxonalar uchun IT-xizmatlar boʻyicha buyurtmalarni jalb qilishga qaratilgan IT-park vakolatxonasi (filiali) faoliyatini yoʻlga qoʻyish:
Bunda, IT-park direksiyasiga mazkur xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalar (filiallar) faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 2027-yil 1-yanvarga qadar har bir vakolatxona (filial)ga yiliga 200 ming AQSH dollari ekvivalentigacha moliyalashtirish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat berish;
b) xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda, shu jumladan 2024-yilda AQSH va Germaniyada “Oʻzbekiston IT-kunlari” xalqaro tadbirlarini oʻtkazish koʻzda tutilgan.









