Soliq tizimiga ham aholi manfaatlari, soliq toʻlovchilarga qulayliklar yaratish uchun mahallabay va korxonabay ishlash prinsiplari joriy etilgan. Asosiy maqsad aholi va tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal etish, davlat xizmatchilari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Islohotlar samaradorligi va
belgilangan maqsadlarga erishishning natijadorligi bevosita har bir tashkilotda
mustahkam ijro intizomi yoʻlga qoʻyilganiga bogʻliq. Xususan, Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari
ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro
etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga
doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni davlat idoralari va
tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashda muhim huquqiy hujjatdir.
Mazkur hujjat bilan ijro
intizomini mustahkamlash, yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil
qilish boʻyicha barcha darajadagi boshqaruv organlari rahbarlari shaxsan
eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek, davlatimiz
rahbarining 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron
tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha
chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijro intizomini mustahkamlash yoʻlida
muhim dasturilamal hujjat boʻldi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, qabul
qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar qogʻozda emas, amalda
natija berishi kerak.
Shu maqsadda har bir rahbar va
xodimning aniq hisobdorlik, shaxsiy masʼuliyat va javobgarligini yanada
oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi
“Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning
qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi amaliy ishlarni
yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, tahlillarga eʼtibor
qaratadigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan davrida “Ijro.gov.uz” tizimida Soliq
qoʻmitasining 525 ta nazoratdagi topshirigʻi mavjud boʻlib, shundan Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining 412 ta, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi rahbarining 59 ta, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida
belgilangan 54 ta topshiriqning ijrosi toʻliq taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan
joriy yil 13-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalar
mamlakatimizda boshqaruv tizimi, ayniqsa, ijro intizomini mustahkamlash va
aholi murojaatlari bilan ishlashda yangi bosqichni boshlab berdi.
Mazkur yigʻilishda
Prezidentimiz tomonidan ijro intizomi faqat “qogʻoz toʻldirish” emas, balki
qarorlarning hayotdagi ijrosini taʼminlashdan iborat ekani alohida taʼkidlandi.
Shu bois, bugun soliq tizimida barcha topshiriq hamda soliq toʻlovchilardan
kelib tushadigan murojaatlar ijrosi yuzasidan “qatʼiy nazorat va shaxsiy
masʼuliyat” tamoyili asosida ish yuritilmoqda.
Darhaqiqat, yuksak rivojlanish
davrida davlatimiz siyosati lavozimidan qatʼi nazar, har bir rahbar yuzaga
kelgan muammo yoki vazifa bilan ishlashi, har bir hujjatni ishlab chiqishda
joyiga chiqqan holda oʻrganishi, aholi va tadbirkorlik subyektlarining
fikrlarini tinglashi hamda imkoniyatlarni tahlil qilishi lozim.
Masʼuliyat,
tartib, natijadorlik
Soliq qoʻmitasiga kelib
tushayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining oʻz vaqtida va
sifatli bajarilishi boʻyicha har haftaning dushanba kunlari — mustaqil
tuzilmalar rahbarlari, chorshanba kunlari — rais oʻrinbosarlari va juma kunlari
— qoʻmita raisi tomonidan shaxsan masʼul ijrochilar bilan muhokama oʻtkazish
tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, qonunchilik
hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonidagi yondashuv toʻliq qayta
koʻrib chiqildi. Endi tarkibiy tuzilmalar tomonidan kiritilayotgan
takliflarning mavjud imkoniyatlarga muvofiqligi hududlarni rivojlantirish hamda
iqtisodiyot sohalarini tahlil qilish tuzilmalari tomonidan joylarga chiqqan
holda oʻrganiladi.
Shundan soʻng metodologiya va
yuridik xizmat tuzilmalari tomonidan loyihaning Soliq kodeksi va boshqa
qonunchilik hujjatlari normalariga muvofiqligi boʻyicha huquqiy ekspertizadan
oʻtkaziladi hamda strategik rejalashtirish tuzilmasi tomonidan xalqaro
tajribalar oʻrganilgan holda tegishli tuzilmalar bilan birgalikda iqtisodiy va
moliyaviy tahlillar tayyorlab beriladi.
Mazkur jarayonlar
oʻtkazilganidan keyin fikr va mulohazalarni toʻplash maqsadida matbuot xizmati
tomonidan loyiha bilan rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar axborot vositalari
orqali eʼlon qilinadi. Shundan keyingina yakuniy hujjat kelishish uchun
manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi. Soliq qoʻmitasida ijro intizomini ushbu
tartibda yoʻlga qoʻyish maqsadida har bir tuzilmada masʼul ijrochilar
belgilandi hamda ular bilan zaruriy trening va seminarlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, Soliq
qoʻmitasi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasida qonunchilik hujjatlari va
topshiriqlar ijrosi ustidan nazoratning mutlaqo yangi tizimi joriy qilindi.
Avtomatlashtirilgan
nazorat tizimi
Farmon bilan qonunchilik
hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi joriy
qilinib, ijro intizomi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar soni va
ularning vakolatlari oshirilgan. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar oʻz
vaqtida hamda sifatli ijro etilishi boʻyicha nazorat Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi va Adliya
vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali yuritilmoqda.
Ushbu tizim orqali nazoratga
olingan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar barcha tashkilotlarning
rahbariyati va masʼul ijrochilariga yetkaziladi hamda ularning keyingi holati
nazorat qilib boriladi.
Soliq xizmati organlarida ijro
intizomini mustahkamlash maqsadida 2015-yildayoq ish yuritishning ichki
jarayonlari toʻliq avtomatlashtirilib, elektron hujjat almashish tizimi joriy
etilgan.
Mazkur tizim orqali
qonunchilik hujjatlari, Prezident va hukumat topshiriqlaridan tortib, barcha
ichki idoraviy hujjatlar elektron roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda masʼul rahbarlar
tomonidan topshiriqning mohiyatidan kelib chiqib, ularni imkon qadar qisqa
muddatda va natijaviy bajarish toʻgʻrisida rezolyutsiya qoʻyilgan holda
ijrochiga yoʻnaltirish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, ushbu
avtomatlashtirilgan tizim orqali soliq organlarida hujjatlarni qogʻoz shaklida
kelishish va imzolash amaliyotiga toʻliq chek qoʻyilgan. Shu bilan birga,
elektron raqamli imzo kalitidan foydalangan holda maxsus mobil ilova orqali
ijroga kelgan hujjatlarni koʻrib chiqish, ijroga qaratish va nazoratdan chiqarish
imkoniyatlari yaratilgan boʻlib, bu qoʻmitada ish yuritishni sezilarli darajada
tezlashtirishga imkon berdi.
Eng ahamiyatlisi, har bir
hujjat va topshiriq mazkur tizim orqali qisqa muddatda masʼul ijrochilarga
yetkazib beriladi va topshiriqning ijro etilish holati real vaqt rejimida
kuzatib boriladi.
Shuningdek, Soliq qoʻmitasida
barcha hujjat va topshiriqlar “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari”,
“yuqori tashkilot topshiriqlari”, “fuqarolar murojaati”, “ichki farmoyish”
kabi toifalar boʻyicha alohida nazoratga olingan holda yuritiladi.
Topshiriqlar ijrosi boʻyicha
Soliq qoʻmitasining tashkiliy nazorat tuzilmasi tomonidan gorizontal va har bir
tuzilma tomonidan uning eng quyi hududiy boʻlinmasiga qadar vertikal tartibdagi
nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Bunday tizim rahbar
xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va hisobdorligini oshirish, murakkab
sharoitlarda vazifaning toʻliq va sifatli bajarilishini nazorat qilib borish
imkonini beradi.
Baholash
koʻrsatkichlari asosiy mezon
Ijro intizomini mustahkamlashda
tizimdagi har bir xodimning masʼuliyatini oshirish, qatʼiy intizom oʻrnatish,
ularda kasbiy gʻurur, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik va halollik hissini
uygʻotish muhim ahamiyat kasb etadi.
Soliq organlaridagi
raqamlashtirish, faoliyatni manzilli tashkil etish va boshqa islohotlar har bir
xodimning aniq ish hajmi va uning samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Xususan, soliq organlarida
masʼul ijrochilar tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning sifatli
bajarilishini raqamli nazorat qilish xodimlarning ish samaradorligini
belgilovchi aniq mezonlardan biriga aylandi.
Har bir topshiriq ijrosi uchun
masʼul xodim aniq belgilangani va ijro muddati haqida oldindan avtomatik
xabardor boʻlishi vaqtni toʻgʻri taqsimlash imkonini beradi.
Shuningdek, ijrochi
xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va tashabbuskorligini oshirish, yuklatilgan
vazifani oʻz vaqtida va sifatli bajargan xodimlarni ragʻbatlantirish tizimini
yoʻlga qoʻyish maqsadida Jahon banki ekspertlari bilan birga xodimlar ish
faoliyati samaradorligini baholashning (KPI) avtomatlashtirilgan tizimi joriy
etildi.
Ushbu tizim orqali har bir
ijro hujjatining belgilangan mezonlar asosidagi baholash koʻrsatkichlari
boʻyicha ijrochi xodimlar ragʻbatlantiriladi yoki intizomiy jazo choralari koʻriladi.
Soliq xizmati organlarida ijro
intizomiga masʼul xodimlarning bilimi va malakasini oshirishga ham alohida
eʼtibor qaratilmoqda.
Ish samaradorligiga
erishishning yana bir muhim omili — xodimlarni mehnat qonunchiligiga muvofiq
ish vaqtidan tashqari majburan ishga jalb etmaslik.
Soliq xizmati organlarida
xodimlarning ishga kelib-ketishi maʼmuriy binoga kirish va chiqish vaqtini qayd
qilishning elektron tizimi orqali nazorat qilinadi. Shu maqsadda barcha
xodimlarga belgilangan ish soatlaridan ortiqcha vaqt ishda qolishi ular
yuklatilgan vazifani oʻz vaqtida bajara olmasligi va layoqatsizligi sifatida
baholanishi yetkazildi.
Barcha
elektron xizmatlar yagona platformada
Soliq xizmati organlariga
yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali
sohada inson resurslaridan unumli foydalanish hamda topshiriqlarni tezkorlik
bilan bajarishga erishilmoqda.
Xususan, soliq organlarini
“xizmat koʻrsatuvchi” yuqori texnologiyali tashkilotga transformatsiya qilishni
davom ettirish maqsadida 2026-yilning birinchi yarmida bir qancha yangi axborot
tizimlari amaliyotga joriy etildi.
Soliq organlari tomonidan
aholi va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan barcha elektron xizmatlar
yagona platformaga birlashtirildi.
Har bir fuqaro yoki tadbirkor
telefoni orqali “Soliq” mobil ilovasidan foydalanib, soliq sohasiga oid barcha
savollariga javob olishi, soliq majburiyatini bajarishi, tadbirkor esa biznes
jarayonlarini kuzatib borishi, biznes hamkorlarini oʻrganishi va tanlashi
mumkin.
“Soliq” mobil ilovasidan bugun
amalda 17,4 million fuqaro roʻyxatdan oʻtgan. Shundan 16,3 millioni doimiy faol
foydalanmoqda.
Jumladan, “Soliq toʻlovchining
shaxsiy kabineti”ga 2025-yil davomida qariyb 406 ming marotaba, 2026-yilning
oʻtgan davrida 172 ming marotaba murojaat qilingan.
Ushbu yaratilgan
shart-sharoitlar aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun soliqqa oid
masalalarni masofadan turib hal qilish imkonini beradi.
Fuqarolar
murojaati eʼtiborsiz qolmaydi
Soliq xizmati organlarida
fuqarolar murojaatlari elektron hujjat almashish tizimi orqali “Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat”, “Soliq qoʻmitasi
raisining virtual qabulxonasiga murojaat”, “Ishonch telefoni orqali murojaat”
kabi toifalarga ajratilgan holda ijrochilarga tezkorlik bilan yetkaziladi.
Shuningdek, soliq xizmati
organlarida tashkil etilgan murojaatlar ijrosi boʻyicha masʼul boʻlinma
tomonidan har bir murojaat soliq organiga kelib tushganidan to unda keltirilgan
masala hal etilguniga qadar nazorat qilib boriladi.
Shu bilan birga, muallif
“Soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti” orqali elektron koʻrinishda yuborgan
murojaatining ijro etilishi holatini kuzatib borishi imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, Soliq
qoʻmitasida ijtimoiy tarmoqlar (facebook, telegram) orqali fuqarolar
yuborayotgan murojaatlar, keng jamoatchilik tomonidan muhokama etilayotgan
soliqqa oid munozarali masalalarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish ham tizimli
yoʻlga qoʻyilgan.
Ayniqsa, masʼul xodimlar
“24/7” formatida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boradi va soliq organlariga
tegishli har qanday maʼlumot paydo boʻlganda darhol javobini tayyorlash uchun
ijrochiga yetkazadi. Shu tarzda 2026-yilning birinchi yarmida ijtimoiy
tarmoqlardagi 26 ta sharhga tezkor, uzogʻi bilan 2-3 soatda rasmiy munosabat
bildirildi.
“Soliq organlari bilan qayta
aloqa” axborot tizimi orqali jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini
qabul qilish tizimi ham yoʻlga qoʻyilgan. Bunda kunlik kelib tushgan
murojaatlar tezkorlik bilan tegishli tuzilmalarga yoʻnaltirilib, 1-3 kun oraligʻida
ijrosini taʼminlash nazoratga olingan. Joriy yilning oʻtgan davrida 27,4 ming
jismoniy va yuridik shaxsdan murojaatlar kelib tushgan va ular oʻz vaqtida
ijobiy hal etilgan.
Joriy qilingan ushbu tizimga
muvofiq har bir murojaat shaxsan qoʻmita raisi nazoratida. Eng muhimi, Soliq
qoʻmitasida murojaatlarga tezkor javob berilishi bilan birga eng koʻp
uchraydigan savollar tahlil qilinib, shu asosda soliq organlarining biznes
jarayonlarini takomillashtirib borish strategiyasi yoʻlga qoʻyilgan.
Xullas, bugun ishonch bilan
aytishim mumkinki, soliq xizmati organlari xodimlari har bir murojaat, qonun
hujjatlari va topshiriqlar zamirida inson taqdiri mujassam ekanini toʻlaqonli
his etadi.
Soliq qoʻmitasi jamoasi ijro
etuvchi organ sifatida topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilishi, mazkur
yoʻnalishda mustahkam ijro intizomini joriy qilish borasida tizimli ish
yuritadi.
Farrux
POʻLATOV,
Oʻzbekiston
Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisi