Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraktsiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda “Elektron raqamli imzo to'g'risida”gi hamda “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari ko'rib chiqildi.

Mamlakatimizda elektron raqamli imzo (ERI)ning joriy etilishi raqamlashtirish sohasidagi muhim o'zgarishlardan sanaladi. Shuning bilan birga, elektron raqamli imzodan foydalanishda bir qator kamchilik va noqulayliklar borki, bular albatta, undan foydalanuvchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda.

Xususan, yuridik shaxslarga elektron raqamli imzodan yuridik shaxsning muhri (shtampi) va vakilining imzosi sifatida foydalanish imkoniyati mavjud emas, ochiq kalit infratuzilmasi rivojlanmagan, markazlashgan holda ishonchli saqlash (bulutli texnologiya) tizimidan foydalanish imkoniyati yaratilmagan va eRI egalari axborot tashuvchi moslamalarni doimiy ravishda o'zlari bilan olib yurishga majbur bo'lish kabi bir qator kamchiliklar kuzatilmoqda. Qolaversa, mamlakatimizda xorijiy eRIni tan olish yoki O'zbekiston eRIsini chet elda tan olish imkoniyatini ta'minlovchi norma mavjud emas.

Yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etish elektron raqamli imzodan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, qonundagi huquqiy bo'shliqlarni bartaraf etish maqsadida qonunga bir qator o'zgartishlar kiritish taklif etilmoqda. Bu bilan ERIdan foydalanish amaliyoti saqlab qolingan holda qo'shimcha qulayliklar yaratish ko'zda tutilyapti. Qonun loyihasida bir qator yangi qoidalar, jumladan, vaqt shtampi ta'rifi kiritilib, unda ERI bilan imzolangan, imzolanayotgan axborotga bevosita aloqador va imzolanayotgan hujjatning ko'rsatilgan vaqtda mavjudligini tasdiqovchi elektron hujjat shakli ekanligi ko'rsatilgan.

Shuningdek, “elektron hujjat” ta'rifiga vaqt shtampi tushunchasi elektron raqamli imzo qo'yilgan elektron hujjatning majburiy atributi sifatida kiritilgan va bu imzolangan hujjatda vaqt shtampi mavjudligi ERIning amal qilish muddatini uzaytirishga imkon beradi.

Yana bir holat shundaki, hozirgi vaqtda yopiq va ochiq ERI kaliti yaratish, ERI kaliti sertifikatini berish bevosita ro'yxatga olish markazlari tomonidan amalga oshirilib, bu respublika bo'ylab elektron raqamli imzodan foydalanish ko'lamini cheklamoqda. Shu bois, qonun loyihasida bo'ysunuvchi ro'yxatga olish markazlarini tashkil etish taklif etilgan. Ushbu yangilik ochiq kalit infratuzilmasining samarali rivojlanishiga olib keladi.

Shuningdek, qonun loyihasida “ishonchli uchinchi tomon” tushunchasi kiritilgan. Ishonchli uchinchi tomon yordamida mamlakatimizda xorijiy elektron raqamli imzoni tan olish yoki O'zbekiston elektron raqamli imzoni chet elda tan olish funktsiyalari bajarilishini ko'zda tutadi. Bu bilan boshqa davlatlar bilan transchegaraviy o'zaro hamkorlikda ERIdan foydalanish ko'lamini cheklash holatlari bartaraf etiladi. Bundan tashqari, qonun loyihasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarda va O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi (ID-kartalar)da foydalanish uchun eRIdan foydalanish ko'zda tutilgan.

Qizg'in muhokamalardan so'ng, “elektron raqamli imzo to'g'risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullandi.