Raqamli texnologiyalar sohaga joriy etiladi

    Ta'lim 6 Iyun 2023 1781

    Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti, buxgalteriya hisobi va auditni rivojlantirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ish boshladi.

    Anjumanda malakatimiz va Markaziy Osiyo mamlakatlarining sohaga ixtisoslashgan 20 dan ziyod oliy taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etishmoqda.

    Konferensiyani Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudaynazar Yunusov tabrik soʻzi bilan ochib berdi va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.


    Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining mahalliy bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklarni tashkil etish, respublikada raqamli industriyani jadal rivojlantirish, milliy iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish maqsadida “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorning ijrosini taʼminlash maqsadida Universitetda qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”ga asosan, joriy yilning 6-7-iyun kunlari “Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti, buxgalteriya hisobi va auditni rivojlantirishda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalari” mavzusida rejalashtirilgan Respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtmoqda.

    Tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, mazkur universitetning Samarqand filiali, Toshkent davlat agrar universiteti, mazkur universitetning Samarqand filiali, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi, viloyat qishloq xoʻjalik boshqarmasi, “KAFIL SUGʻURTA” AJning viloyat filiali, “Kamalak invest” MCHJ, “Afrosiyob audit-standart” MCHJ, “Intelekt-hisob” xususiy korxonasi hamda Qozoq milliy agrar tadqiqotlar universiteti (Qozogʻiston), Xarkov davlat biotexnologiya universiteti (Ukraina)dan vakillar onlayn va oflayn ishtirok etishdi.

    Anjumanning birinchi kuni “Raqamli iqtisodiyot sharoitida boshqaruv”, “Raqamli iqtisodiyot sharoitida xizmatlar sohasining dolzarb masalalari”, “Raqamli iqtisodiyot sharoitida sugʻurta faoliyatini rivojlantirish yoʻnalishlari”, “Auditning xalqaro standartlari va uni amaliyotda qoʻllash” va shu kabi dolzarb masalalardagi maʼruzalar ishtirokchilar hukmiga havola etildi.

    Universitet vakili, tadbir tashkilotchilaridan biri “Iqtisodiyot va buxgalteriya hisobi” kafedrasi mudiri Ulugʻbek Eshmurodovning maʼlumot berishicha, bugungi kunda taʼlim maskanining 3 nafar yosh olimlari tomonidan aynan raqamli iqtisodiyotni sohaga joriy etish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bular Lola Safarova, Baxtiyor Oʻralov, Sherzod Nurmanovlarning ilmiy izlanishlari mutaxassislar tomonidan ijobiy baholanmoqda.

    Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi shoʻbalarga boʻlingan holda olib borildi. Tadbir ertaga ham davom etadi.

    Universitet axborot xizmati