Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda BAA Investitsiyalar vazirligi o‘rtasida memorandum imzolandi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Birlashgan Arab Amirliklarining Investitsiyalar vaziri Muhammad Hasan Alsuvaydi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Dastlab, mehmonlarga IT Park Uzbekistan faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi hamda Yagona integrator – UZINFOCOM faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

    Uchrashuvda BAAning Investitsiyalar vaziri o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan bildirilayotgan tashabbusni yuqori baholadi.

    Shuningdek, O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida potensial hamkorlik faoliyatini o‘rganish, bulutli texnologiya xizmatlarini rivojlantirish, mavjud sun’iy intellekt infratuzilma ma’lumotlaridan foydalangan holda O‘zbekiston uchun katta til modellarini (LLM) ishlab chiqish, sun’iy intellekt, xorijiy tillarni o‘rganish yo‘nalishida mahalliy iste’dodlar sonini oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish takliflari bildirildi.

    Vazir Sh. Shermatov vazirlik va tizim tashkilotlarida axborot texnologiyalari va raqamlashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar haqida ma’lumot bergan holda Mohamed Hassan Alsuvaidi tomonidan berilgan takliflar hozirgi kunda dolzarbligi va ushbu yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi.

    Uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida Ma’lumotlar markazi va sun’iy intellekt loyihalari bo‘yicha Sarmoyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi Investitsiya memorandumi imzolandi.