Ijtimoiy himoya yagona reyestri qanday maqsadlarga xizmat qiladi?

    Mamlakatimiz hayotiga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi, degan tushuncha kirib kelganiga roppa-rosa uch yil boʻlyapti. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-apreldagi qaroriga asosan, uning tajribaviy loyihasini oʻtkazishga Sirdaryo viloyati tanlab olindi va 2019-yil 1-oktyabridan boshlab bu ishni amalga oshirishga kirishildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad bola 2 yoshga toʻlgunga qadar uni parvarishlash, 14 yoshgacha bolalari boʻlganoilalarga nafaqa va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash, ularni toʻlashning avtomatlashtirilgan mexanizmini tatbiq etishga qaratildi.

    Aslida bu jihatlar yangi tartib-tamoilni joriy qilishning boshlangʻich bosqichiga kiradi. Chunki, u bu jarayonda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun inson omilisiz oila va fuqaroning muhtojligini oʻzi aniqlaydigan, nafaqalarni tayinlab, toʻlovlarni amalga oshiradigan hamda nazorat qiladigan, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashgan axborot tizimi vazifasini bajaradi.

    Keyingi bosqichlarda bu tizim ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro va oilalarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan pul yoki tovar(xizmat) koʻrinishidagi barcha yordam turlarini, yaʼni bolalarning bepul bogʻchaga qatnashi, oʻquvchilarni bepul darsliklar toʻplami bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash muassasalarida bepul yoki imtiyozli tibbiyot xizmatlarini koʻrsatish, ipoteka kreditlari uchun boshlangʻich badalni toʻlash va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oladi.

    SHAFFOF VA SAMARALI

    Savob, degan soʻzning maʼno-mazmuni keng. U toʻgʻri ish, sogʻlom fikr, ezgulik, mukofot va oqilona yechim maʼnolarini bildiradi va odatda odamlarning ezgulikka tayangan solih amallariga nisbatan qoʻllaniladi. Raqamli tizim ham shunday ishlarni qilishi mumkinligini hayotning oʻzi koʻrsatib kelmoqda. Sirdaryo tajribasi asosida butun mamlakatimiz ijtimoiy himoya tizimiga joriy etilgan yangi mexanizm buning amaliy tasdigʻidir.

    Yangi tizimni shakllantirish uchun Jahon banki va YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 600 ming dollardan ziyod mablagʻlar yoʻnaltirildi. Eng avvalo, Pensiya jamgʻarmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar tayinlash hamda ularning monitoringini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan elektron qurilmalar bilan taʼminlanib, 12 nafar xodim ishga qabul qilindi.

    Elektron tizim loyihasi “Development Pathways” ixtisoslashtirilgan xalqaro kompaniyasi tomonidan yaratildi va u orqali 9 ta tegishli vazirlik, idoraning maʼlumotlar bazalari bilan real vaqt rejimida elektron almashuvi asosida axborotlarning olinishi yoʻlga qoʻyildi.

    Shu asosda kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam berish jarayonlari tubdan soddalashdi. Jumladan, endilikda ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olish uchun fuqaro faqatgina oʻz pasporti bilan murojaat etish imkoniyati yaratilgan boʻlib, oilaning zarur maʼlumotlari “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron tarzda olinadi. Ariza beruvchilarning hujjatlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari orqali Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlariga taqdim etilgandan soʻng ushbu maʼlumotlar axborot tizimiga kiritiladi.

    Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash yoki rad etish toʻgʻrisidagi qaror inson omilisiz axborot tizimi tomonidan qabul qilinadi va natijasi boʻyicha ariza beruvchining telefoniga tegishli SMS-xabarnoma yuboriladi.

    Tizimni hayotga tatbiq etishda jaxon tajribasi oʻrganildi va oʻrganishlar davom etmoqda. Oʻrganish natijalari boʻyicha axborot tizimi takomillashtirib boriladi.

    XALQARO TAJRIBA TAHLILI NIMANI KOʻRSATADI?

    — Koʻplab mamlakatlar uzoq vaqtlardan beri ijtimoiy imtiyozlar va xizmatlarni oluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni birlashtirish hamda mahalliy maʼlumotlar bazalari bilan masofadan turib ishlashga imkon beradigan yaxlit axborot tizimlarini yaratish yoʻlini bosib oʻtgan, — deydi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti mutaxassisi Jalil Boykalonov. — Ularning bir qanchasida ijtimoiy himoya yagona reyestri taʼminot zanjiri vazifasini oʻtayotgan boʻlsa, boshqalarida bu tizim murojaatlarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va fuqarolarning bir yoki bir nechta ijtimoiy nafaqaga muvofiqligini aniqlash ishlarini bajarib keladi. Ular inklyuziv tizim sifatida ham ijtimoiy siyosat hamda axborot manbai koʻrinishidagi amaliyot roliga ega.

    Hozirgi kunda 20 dan ziyod mamlakatda (Ozarbayjon, Braziliya, Chili, Xitoy, Kolumbiya, Dominikan Respublikasi, Gruziya, Indoneziya, Makedoniya, Mali, Meksika, Chernogoriya, Pokiston, Filippin, Senegal, Turkiya, Yaman va boshqa davlatlarda) har xil koʻrinishda ijtimoiy himoya reyestrlari axborot tizimi mavjud. Biroq ular faoliyatida reyestrlarni boshqarish va ishlatish, shuningdek, qamrov darajasi hamda axborot tizimlari bazasini yuritish ishlari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi.

    Masalan, Belgiya aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimining boshqaruv modeli dastlab markazlashmagan, endilikda esa, yuqori darajada birlashtirilgan maʼlumotlar bazasiga ega. U ijtimoiy himoya dasturlaridan olingan axborotlarni emas, balki ijtimoiy sektor subyektlari tomonidan toʻplangan maʼlumotlarni qamrab olgan.

    Belgiya rejalashtirish idorasining tadqiqotlariga koʻra, ushbu tizimning joriy etilishi ijtimoiy idoralar uchun maʼmuriy xarajatlarni yiliga 1,7 milliard yevrogacha tejash imkonini berdi va 220 turdagi qogʻoz hujjatlar bekor qilindi. Bu tizim mamlakatda 30 yildan ortiq vaqt mobaynida samarali ishlab kelmoqda.

    Turkiyada bu tizim yordamida ijtimoiy yordamni boshqarish bilan bogʻliq barcha xizmatlar amalga oshiriladi. Belgiyadan farqli ravishda, birmuncha markazlashgan va davlat muassasalarining 22 xildagi maʼlumotlari birlashtirilgan. Osongina kirish mumkin boʻlgan bitta onlayn portalida 112 ta veb-xizmat, 10 dan ziyod ijtimoiy dasturlar taqdim etiladi.

    Oldin Turkiyada ijtimoiy yordam olish uchun arizalarni tekshirish uchun 15-20 kun ketgan boʻlsa, ushbu jarayon tatbiq etilgach, ishlar taxminan
    1 daqiqada hal etiladigan boʻldi. 2010-yildan beri 30 million fuqaroning ijtimoiy yordam uchun murojaatlarini koʻrib chiqdi va umumiy qiymati 13 milliard AQSH dollar boʻlgan 311 million ijtimoiy yordam bitimlarini amalga oshirdi.

    YANGI TIZIM QANDAY ISHLAMOQDA?

    Tajriba loyihasi Sirdaryo viloyatida muvaffaqiyatli natijalarni berdi. Ijtimoiy himoya yagona reyestrining vazirlik va idoralar maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvining yanada kengayishi ariza berish jarayonida taqdim etish uchun talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartirildi. Xususan, oila aʼzolarining daromadlari, doimiy yashash uchun roʻyxatdan oʻtganlik, oila tarkibi toʻgʻrisidagi va mehnat organlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotnomalar talab qilinmaydi. Ularning hammasi avtomatik tizimning oʻzi bajaradi.

    Prezidentimizning 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida xuddi shunday ijobiy jihatlar inobatga olinib, Ijtimoiy himoya yagona reyestrini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi qoʻyildi.

    — Uning ijrosi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi va Jahon bankining moliyaviy, texnik va ekspert koʻmagi asosida amalga oshirildi. — deydi Moliya vaziri oʻrinbosari Jamshid Abruyev. — Vazirligimiz huzuridagi Axborot texnologiyalar markazida “Yagona reyestr” axborot xizmatini ishlatish boʻyicha milliy mutaxassislar jamoasi tashkil etildi. Buning natijasida barcha hududlarda mazkur tizim orqali kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar tayinlanib kelinmoqda. U 16 ta vazirlik va idoralarning maʼlumot bazalari bilan ulangan boʻlib, ijtimoiy nafaqalarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan mezonlarga asosan avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda.

    Eng muhimi, barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi taʼminlanmoqda. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 2020-yilning birinchi yarmida 600 ming nafar boʻlsa, bu koʻrsatkich ayni paytga kelib 1 million 600 mingdan oshgan.

    2021-yil sentyabr oyidan boshlab qayta koʻrib chiqilgan bolalar nafaqalari Yagona reyestr orqali boshqarila boshlandi. Shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini oshirish maqsadida kam taʼminlangan oilalarni aniqlashda daromad mezoni sifatida minimal isteʼmol xarajatlari miqdorini qoʻllash tartibi yoʻlga qoʻyildi. Bular natijasida qisqa vaqt ichida kam taʼminlangan oilalarni aniqlashga va ularga nafaqalarni manzilli ravishda yetkazib berish imkoniyatini yaratdi. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida har toʻrtinchi oila ijtimoiy nafaqa olmoqda. Taqdim etilgan davlat ijtimoiy yordami, birinchi navbatda, bolali oilalarning moddiy ahvolini yaxshilashga qaratilyapti.

    Tizim vazirlik va idoralarga real vaqt rejimida 50 49 turdagi maʼlumotlar almashuvini amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa bolalar va ularning oilalari, nogironligi boʻlgan shaxslarni, ijtimoiy yordam yoki bandlikni taʼminlash xizmatlariga muhtoj boʻlgan shaxslarni yanada keng qamrovli, samarali va faol tarzda qoʻllab-quvvatlashda qoʻl keladi.

    XAYRLI ISHNING YANGI MASʼULIYATI

    Yaqinda YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Ijtimoiy himoya yagona reyestrini Moliya vazirligi tasarrufiga topshirdi. Demak, endilikda vazirlik tizimdan foydalanaish, uni taʼminlash va taʼmirlash ishlarini olib borishga maʼsul boʻlgan muassasa hisoblanadi.

    — Ijtimoiy himoya yagona reyestri mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini isloh qilishning umumiy strategiyasining bir qismi sifatida raqamli texnologik platformaning asosi sanaladi, — dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Joffri Ijumba. —Ushbu tizim moliyaviy yordamni davlat ijtimoiy, bandlik xizmatlari, nogironlik nafaqalari va boshqa imtiyozlar bilan samarali bogʻlash orqali ijtimoiy himoyani inklyuziv va har tomonlama taʼminlash uchun ajoyib imkoniyatni taqdim etadi.

    — Bugungi kunga kelib “Yagona reyestr” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalarni avtomatik tarzda tayinlash tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyilgan, — dedi moliya vaziri oʻrinbosari Jamshid Abruyev. — Vazirlik masʼul mutaxassislari tizimni texnik xizmat koʻrsatish va ishlatish uchun qabul qilishga tayyor. YUNISEF bilan hamkorligimiz shu bosqichda yakunlanmaydi. Tizimni yanada takomillashtirish ishlari birgalikda davom ettiriladi va bunda boshqa ijtimoiy yordam turlarini tayinlash jarayonini avtomatlashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Bunga misol Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilanganidek tariqasida ijtimoiy xizmatlarni yetkazishdagi boshqaruv jarayonlarni raqamlashtirish modulini ishlab chiqish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni integratsiya qilish ishlari olib boriladi. , shuningdek, tabiiy ofat, ijtimoiy-iqtisodiy kutilmagan vaziyatlar yoki boshqa sabablarga koʻra, favqulodda holatlar yuz berganida ijtimoiy himoya maxsus dasturlarini joriy etishni kiritish mumkin.

    Demakki, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi nafaqat ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini oshirish imkoniyati, balki har qanday murakkab sharoitda ham aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlashning shaffof va samarali vositasiga aylanib boryapti. Ushbu raqamli ezgu tizimning faoliyat doirasi kengaytib borishi har yili millionlab ehtiyojmand oilalarning dardiga darmon, roʻzgʻorlari butligiga ham kamarbasta boʻladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi