Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning 21-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligidagi Vaziyatlar markazi va “Raqamli Toshkent” majmuasiga tashrifi chogʻida viloyat hokimligi va yirik tashkilotlarni ushbu majmua imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish kabi qator topshiriqlarni bergan edi.

Tanishtirish seminarlarida ishtirok etish jadvaliga hududlardan asosan xizmatlar va kompaniyalar vakillari kiritilgan. Shu jumladan: vazirliklar (Adliya, Sogʻliqni saqlash, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Turizm va madaniy meros, Transport, Bandlik va mehnat munosabatlari, Innovatsion rivojlanish va boshqalar) xodimlari, Monopoliyaga qarshi kurashish va Bojxona, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitalari xodimlari va boshqalar. Shuningdek, “Toshshahartransxizmat”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari, “Toshissiqquvvati” davlat unitar korxonasi va boshqa tashkilotlar mutaxassislari.

Tanishtirish seminarlari interaktiv tarzda oʻtkaziladi. Ishtirokchilar shaharning ulkan xaritasidagi turli filtrlardan foydalanish yoʻli bilan barcha savollarga darhol javob oladilar. “Raqamli Toshkent” loyihasi tajribasini butun Respublika boʻylab kengaytirish hamda ommalashtirish hududlarni operativ boshqarish va ularning rivojlanishini rejalashtirishga samarali taʼsir koʻrsatadi.

Hududlar uchun tanishtirish seminarlari 20-aprelga qadar davom etadi.