Qayd etilishicha, 2026 yil futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishi arafasida ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlar va Telegram kanallarida bukmekerlik xizmatlari, qimor o‘yinlari hamda tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi reklama materiallari tarqalishi faollashmoqda.
Raqobat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, yirik sport musobaqalariga bo‘lgan qiziqishdan foydalanib, ayrim shaxslar fuqarolarni bukmekerlik platformalariga jalb etishga urunmoqda. Bunda sport natijalariga pul tikish, qisqa vaqt ichida daromad topish yoki yirik yutuqlarga erishish haqidagi va’dalar orqali aholi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etishga chaqirilmoqda.
Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning
46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa
o‘yinlar, jumladan internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali tashkil
etiladigan bunday xizmatlarni reklama qilish taqiqlanganini eslatdi.
Shuningdek, bukmekerlik xizmatlari va qimor
o‘yinlarini targ‘ib qilish, ularning reklamasini tayyorlash, joylashtirish yoki
tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi
ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim shaxslar o‘z faoliyatini
anonim tarzda yuritish, soxta akkauntlar va taxalluslardan foydalanish hamda
xorijiy platformalar orqali reklama tarqatishga urunmoqda. Biroq bunday holatlar
ham vakolatli organlar tomonidan nazoratga olinadi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi internet tarmog‘i, ijtimoiy media platformalari va boshqa axborot resurslarida joylashtirilayotgan reklama materiallarini muntazam monitoring qilib bormoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha materiallar tegishli chora ko‘rish uchun vakolatli davlat organlariga, jumladan Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik bo‘linmalariga taqdim etilmoqda.