Raqobat qoʻmitasi 6 ta korxonani turli tovar va xizmatlar boʻyicha ustun mavqega ega deb topdi

    2024-yilning birinchi besh oyi davomida, Raqobat qoʻmitasi tomonidan tovar yoki moliya bozorlarida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeini eʼtirof etish boʻyicha keng qamrovli tahlillar oʻtkazildi.

    Tahlil natijalariga koʻra, 6 ta korxona turli tovar va xizmatlar boʻyicha ustun mavqega ega deb eʼtirof etildi.

    Xususan:

    - “Temiryoʻlekspress” va “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJlar (shaxslar guruhi sifatida) temir yoʻllar orqali yoʻlovchi tashish xizmatida;

    - “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJ shahar atrofi boʻylab yoʻlovchi tashish xizmatida;

    - “JV Continaz” MCHJ formalin mahsulotida;

    - “Indorama Kokand fertilizers and chemicals” hamda “Fargʻonaazot” AJlar (shaxslar guruhi sifatida) superfosfat mahsulotida;

    - “Fargʻonaazot” AJ karbamid mahsulotida;

    - “Gazli Gas Storage” MCHJ QK tabiiy gazni yer ostiga quyish, saqlash va tortib olish xizmatida ustunlikka ega deb topildi.

    Shu bilan birga, “Interterminal” MCHJ QK temir yoʻl liniyasini ijaraga berish xizmati boʻyicha ustun muzokara kuchiga ega deb eʼtirof etildi.

    Mazkur tahlil natijalari, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli sektorlarida raqobat muhitini yanada chuqur tushunish va oʻrganish imkonini beradi. Shuningdek, bu jarayonlar tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatlarini qayta koʻrib chiqish va strategiyalarini yangilash imkoniyatini yaratadi. Natijada esa, bu holat iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, mahsulot va xizmatlar sifatining oshishiga va umuman mamlakatimizning global iqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.