Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Raqobatni qoʻmitasiga "AVO Bank" AJ (raqamli bank) koʻrsatayotgan xizmatlari haqida notoʻgʻri reklama tarqatayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatga asosan olib borilgan oʻrganish ishlari natijasida "AVO Bank" AJning rasmiy veb-saytida "AVO Oʻzbekistondagi eng qulay mobil bank" mazmunidagi reklama joylashtirilganligi, shuningdek, bank tomonidan har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 soʻmga teng boʻlgan bonus ballari taqdim etilishi, mijozning oʻz xohishiga koʻra ushbu bonuslarni pul mablagʻlariga almashtirishi yoki bankning koʻrsatgan xizmatlari uchun toʻlov sifatida ishlatishi mumkinligi belgilanganligi, shu sababdan reklama axborotlarida "Har bir yangi mijoz uchun 250 000 soʼm oling", "Har bir taklif qilingan shaxs uchun 50 000 soʼm", "Hisob raqamiga 250 000 soʼm oling" mazmunidagi iboralardan foydalanilganligi, biroq, "AVO Bank" AJning ushbu pul mablagʻlarini mijozlarning hisob-raqamlariga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazib berish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.
Shuningdek, "AVO Bank" AJ tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va tashqi reklama vositalarida tarqatilgan reklama axborotlari qoʻshimcha ravishda oʻrganilganda bir qator kamchiliklar ham aniqlandi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining "Reklama toʻgʻrisida"gi Qonunining 16-moddasi birinchi qismi va Oʻzbekiston Respublikasining "Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunining 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan "AVO Bank" AJga nisbatan reklama va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi natijasida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.