Raqobat qoʻmitasi tomonidan reklama axborotlarining qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib borilgan.
Xususan, “Instagram” ijtimoiy tarmogʻidagi “IPOTEKABANK” ATIB sahifasida bank tomonidan joriy qilingan “Super” nomli omonat turi boʻyicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekanligi bayon etilgan.
Ushbu axborotga bankning internetdagi rasmiy sahifasi joylashtirilgan maʼlumotlar asosida aniqlik kiritilishicha, “Super” nomli omonat turi shartlariga muvofiq mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablagʻlari boʻyicha dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan va keyingi uch oy uchun 14 foizdan hisoblanishi, xuddi shuningdek, onlayn qabul qilingan depozit pul mablagʻlari boʻyicha esa mos ravishda 26,09 va 14 foizdan hisoblanishi maʼlum boʻldi, deyiladi xabarda.
Bunda, “Super” nomli omonat turi boʻyicha faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan pul mablagʻlari berilsa-da, ijtimoiy tarmoqdagi reklama axborotida omonatning muhim shartlari ochib berilmagan.
Qoʻmitaning fikricha, reklamani bunday koʻrinishda boʻlishi reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasi, 43-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “IPOTEKABANK” ATIBga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.