Raqobat qoʻmitasi nodavlat taʼlim markazlarini ogohlantirdi

    Raqobat qoʻmitasiga 2024–2025-yillar davomida nodavlat taʼlim xizmatlari boʻyicha 1 200 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

    Qoʻmita xabariga koʻra, nodavlat taʼlim xizmatlari sohasida aholidan kelib tushayotgan eʼtirozlar-murojaatlarning asosiy qismi:

    • “Newton Academy”, “NewTone School”;
    • “MyTeacher” onlayn ingliz tili kursi;
    • “Prep.uz” onlayn rus tili kursi;
    • “Badavlat ayol” loyihasi;
    • “Qadam Eduaction” oʻquv markazi;
    • “Lerna”, “Skillbox”, “Geekbrains”;
    • “Interno Edu” MCHJ;
    • “Englify” MCHJ;
    • “Niyat Education”;
    • “Sevenedu” onlayn til markazi kabi oʻquv markazlari va onlayn taʼlim platformalari faoliyatiga taalluqli.

    Qayd etilishicha, bir qator oʻquv markazlari va taʼlim platformalarida taʼlim sifati qoniqarsizligi, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun toʻlov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi boʻyicha yetarli maʼlumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.

    Eʼtirozlarda “Uzum Nasiya”, “Shaffof moliya”, “Paylater” va boshqa muddatli toʻlov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan vaʼdalar amalda bajarilmayotgani bildirilgan.

    Qoʻmita yuqoridagi kabi taʼlim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirgan holda, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganini eslatgan.