Raqobat qoʻmitasi: “ORIENT FINANS” XATB Termiz filialiga ish qoʻzgʻatildi

    Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan “ORIENT FINANS” XATB Termiz filialiga moliyaviy jarima qoʻllanildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Raqobat qoʻmitasiga “ORIENT FINANS” XATB Termiz filiali tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz shahrida oʻrnatilgan tashqi reklama vositalarini qonuniyligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.

    Murojaatga asosan mazkur murojaatni oʻrganish jarayonida, “ORIENT FINANS” XATB Termiz filiali tomonidan Termiz shahri Hakim At-Termiziy koʻchasidagi bank ofisi oldida oʻrnatilgan tashqi reklama vositalarining oʻrnatish huquqini beruvchi hujjatlari (pasport, guvohnoma, ruxsatnoma va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar) mavjud emasligi hamda reklama axborotini tarqatish boʻyicha mahalliy hokimliklar bilan belgilangan tartibda shartnomalar imzolanmasdan kelinganligi aniqlandi.

    Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni 24 va 25 moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “ORIENT FINANS” XATB Termiz filialiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllanildi.