Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Raqobat qoʻmitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi 2024-yil II-yarim yillik ish rejasiga muvofiq Surxondaryo viloyati “Toza hudud” DUKda aholiga maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va holati hamda isteʼmolchilardan koʻrsatilmagan xizmatlar uchun pul olish holati yuzasidan oʻrganish oʻtkazdi.
Oʻrganish va tahlillarda mazkur viloyat “Toza hudud” DUK mavjud tartib-qoidalarga rioya qilmagan holda, yaʼni tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilmasdan (tasdiqlamasdan) yoki kelishib olmasdan qoʻllanilishi natijasida 522,6 mln soʻm, koʻrsatilmagan xizmat uchun 2,7 mlrd soʻm, jami 3,2 mlrd soʻm miqdorida ortiqcha daromad olinganligi holati aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasi, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomi talablari buzilganligi alomatlari bilan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga (“Toza hudud” DUK) nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Shuningdek, 3,2 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻni isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.