Joriy yilning 2-iyulida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Unga koʻra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.
Oʻz navbatida, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat berilgan (litsenziyaga ega) turoperatorlar roʻyxati eʼlon qilingan boʻlib, bunday litsenziyaga ega boʻlmagan subyektlar tomonidan ushbu xizmatlarni koʻrsatish taqiqlangan.
Tahlillarga koʻra, internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq reklama axborotlari faollashganligi, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar boʻlmagan holatda ushbu xizmatlar reklama qilinayotganligi kuzatilmoqda.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish (reklamaning aylanishi) sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi va isteʼmolchilarni notoʻgʻri va ishonchsiz reklamadan himoya qiluvchi muhim meʼyoriy hujjatdir.
Qonunning 16-moddasiga muvofiq ...tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud boʻlmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan.
Raqobat qoʻmitasi ziyoratchilarimizni «Umra« amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh boʻlishlari va keyinchalik turli koʻngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishlarini tavsiya etdi.