Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 29-bandiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini oʻtkazib borishi belgilangan.
Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan monitorning natijasida, “VODIY SANOAT FAXRI” MCHJ tomonidan 2023-yil avgust dekabr va 2024-yil fevral oyida 56-holatda 2 400 tonnadan ziyod 42.5 mlrd soʻmga yaqin paxta tolasi mahsuloti tasdiqlangan muddatlar va hajmlarda birja savdolariga qoʻyilmasdan “SOF TEX” MCHJga toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalarga asosan sotilganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, ushbu mahsulotni 2023-2024-yillar davomida sotish kunlaridagi narxi bilan 2023-2024-yillar davomida birja savdolarida shakllangan oʻrtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda 3 ta holatda mahsulot narxlarini yuqori qoʻllash natijasida jami 152 mln soʻmga yaqin miqdorda tafovut (farq) holatlari aniqlandi.
Bundan tashqari, klaster korxona tomonidan turli navli 361 tonna birja savdolarida shakllangan oʻrtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslanganda jami 14 ta holatda mahsulot narxlarini birja kotirovka narxlariga nisbatan past narx qoʻllash natijasida jami 1,3 mlrd soʻmga yaqin farq aniqlandi.
Maʼlumot oʻrnida. Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarga muvofiq, Andijon viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “VODIY SANOAT FAXRI” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.