Mazkur Qonun mamlakatimiz hududida tovarlarning erkin harakatlanishini taʼminlash, raqobat muhitini himoya qilish, tovar, moliya va raqamli bozorlarni samarali faoliyat koʻrsatishiga sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Taʼkidlash joiz, unda 2012-yilda qabul qilingan «Raqobat toʻgʻrisida»gi hamda 1999-yilda qabul qilingan «Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida»gi qonunlar birlashtirilib, tabiiy monopoliya va ustun mavqega ega subyektlarga qoʻyiladigan talablarning aksariyat

qismi birxillashtirilgan.

Qonunda raqobat sohasidagi davlat siyosatining yaʼni, raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va toʻxtatish, respublika hududida iqtisodiy faoliyat erkinligi va tovarlarning erkin harakatlanishini taʼminlash, tovar va moliya

bozorlarining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.

Bundan tashqari, Qonun bilan bir qator yangi, yaʼni monopoliyaga qarshi komplayens, raqamli platforma kabi tushunchalar kiritilyapti.

Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritilayotgan boʻlib, unga koʻra tabiiy monopoliya subyektlari ham ustun mavqega ega subyektlar qatoriga qoʻshiladi.

Shu bilan birga Qonunda ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, ushbu normaga koʻra, bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama taʼsir koʻrsatish imkoniyatining mavjudligi sababli boshqa subyektlar bilan

shartnoma tuzishda, ularda ustun muzokara kuchi mavjud deb baholanishi belgilanadi.

Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash maqsadida Qonunda raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordamni baholash tizimi joriy qilinadi.

Qonun bilan savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablar va oʻzaro bogʻliq boʻlgan ishtirokchilarning bir vaqtda savdo jarayonlarida ishtirok etishiga taqiqlar belgilanadi.

Shuningdek, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

Senatorlarning fikriga koʻra, mazkur Qonunning qabul qilinishi raqobatga qarshi harakatlarning kamayishiga, iqtisodiy faoliyat erkinligi, tovarlarning erkin harakatlanishiga, raqobat muhitini rivojlantirishga hamda tovar va raqamli bozorlarning samarali

faoliyat koʻrsatishiga, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga huquqiy asos yaratadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.