Koʻrgazmada rassomning 70 ga yaqin rangtasvir, grafika ishlari namoyishga qoʻyilgan. Ularda kitoblarga illyustratsiyalar, qaytarilmas yil fasllaridagi tabiat manzaralari, zamin neʼmatlari, tarixga aylanib borayotgan turmush tarzimizning ayrim qirralari, hayot falsafasi aks etgan.

Ekspozitsiyadan “Togʻda qish”, “Bogʻda yoz”, “Gʻazalkent”, “Qish manzarasi”, “Muqaddas joy boʻylab” kabi diptixlari, “Qizaloq tugʻilish uchun ibodat”, “Yoʻqolib qoladigan narsalar”, “Oʻzbek topishmoqlari”, “Eski qumgʻon” kabi triptixlari va boshqa qator ijodiy ishlar oʻrin olgan.

Kim Naumova Galina 1951-yilda Rossiyaning Saratov viloyati Komsomolsk shahrida tugʻildi. 1956-yildan buyon Chirchiq shahrida yashaydi. Oʻrta maktabni tamomlaganidan soʻng P.P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida, Toshkent teatr va rassomlik institutida oʻqigan. 1975-1990-yillar mobaynida “Gʻafur Gʻulom”, “Oʻqituvchi” nashriyotlarida ishladi. Koʻplab I-II darajali diplomlar bilan taqdirlangan.

Koʻrgazma joriy yilning 28- fevraliga qadar davom etadi.

Hasan Abdunazarov