Ravon va Chevrolet Qozogʻistonda eng koʻp sotilgan brendlar orasida

    Transport 20 Oktabr 2020 905

    “UzAuto Motors” Qozogʻiston bozorida hamon yuqori oʻrinlarni egallab turibdi. Yil boshidan buyon “UzAuto Motors” tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar eng koʻp sotilgan modellar reytingining yuqori pogʻonalarini egallashda davom etyapti.

    Sentyabr oyida Chevrolet va Ravon oʻz pozitsiyalarini yana bir bor tasdiqladilar hamda Lada va Toyota kompaniyalarining oʻtib ketishiga yoʻl qoʻymagan xolda eng muvaffaqiyatli brendlar reytingida ikkinchi oʻrinni egalladi.

    Qozogʻiston avtomobil bozorida tanlash imkoniyati kengligiga qaramay, “UzAuto Motors” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar ijobiy dinamika koʻrsatib, savdodagi ulushini oshirishda davom etyapti. Joriy yil yanvar oyida mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchimizning bozordagi ulushi 12,5% ni tashkil etgan boʻlsa, sentyabr oyida bu koʻrsatkich 19,8% ga yetdi, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.

    Oʻtgan oyda Qozogʻistonda jami 10 940 ta avtomobil sotilgan boʻlib, shundan 2 163 tasi “UzAuto Motors” tomonidan ishlab chiqarilgandir.